Qo‘porilgan ko‘chalar, anqiyotgan chiqindi hidi va ishlamayotgan liftlar: Qorasuv e’tibordan chetda qoldimi?

So‘nggi vaqtlarda Samarqand shahridagi Qorasuv massivida yashovchi  fuqarolardan murojaatlar soni ko‘payib bormoqda.

Massiv hududida Bahodir Yalangto‘sh, Obod maskan, Shodiyona hamda Qorasuv mahallalari bo‘lib, 47 ta ko‘p qavatli uyda 13 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Shaharchaga kirib kelarkanmiz, ro‘paramizdan chiqqan onaxon bilan ularni qiynayotgan muammolar haqida suhbatlashdik.

- Nimasini so‘raysiz, gapirsam gap ko‘p, - deydi Luiza opa. – Ikki yildan buyon shu yerda yashaymiz. Yangi paytda hammasi binoyidek edi. Biroq mana, vaqt o‘tishi bilan qarovsiz qoldi. Yangi boshqaruv kompaniyasi tuzilganida bizga a’zo bo‘linglar, barcha ishlar Yevropadagi uylardagidek bo‘ladi, deyishdi. Butun uyimiz bilan a’zo bo‘ldik. Farroshlar lift, eshik-deraza va zinapoyalarni yuvib, tozalab ketishardi. Keyinchalik esa yuvishga erinib, faqat kirish eshik va liftlarni tozalaydigan bo‘ldi. Ayrim kunlari shu ishlarni ham qilmay qo‘yishyapti. Kechasi nevaralarim bilan kechki sayrga chiqishga qo‘rqaman. Uylar orasidagi yo‘llar juda tor. Mashina ko‘pligidan «stoyanka» yetishmaydi. Natijada yo‘lak, yo‘l yoqalariga qo‘yib ketishadi. Yaqinda yo‘lga sig‘magan bir yuk mashinasi yo‘l yoqasida turgan yengil mashinani turtib ketdi. Dam olish uchun o‘tirg‘ichlar yetishmaydi, borlarini ham sindirib ketishgan. Yashil maydondagi chimlar orasida begona o‘tlar o‘sib yotibdi. Bu vazifalarni o‘z zimmasiga olgan “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasining faoliyati sezilmaydi. Ishonmasangiz, mana, o‘zingiz ko‘ring.

Shaharchada namunali ko‘cha yo‘q

Darhaqiqat, uylarning atrofida begona o‘tlar o‘sib yotibdi. Ariq va lotoklar ichida maishiy chiqindilar uyumini ko‘rasiz.

Massivning Qoradaryo bilan kesishgan hududiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Badbo‘y hiddan bosh aylanadi. Mahalla ichidagi chiqindi qutilari to‘lib qolgach, qurilish va maishiy chiqindilar yo‘l yoqasiga tashlab ketilganiga guvoh bo‘lasiz. Ikki yil ilgari yotqizilgan asfalt cho‘kib ketganligi sababli ko‘chalar o‘nqir-cho‘nqir.

- Tan olish kerak, shaharchada birorta ham namunali ko‘chani ko‘rmaysiz, - deydi Shodiyona mahallasi raisi Ilyos Abduhakimov. – Chunki qahraton qishdagi sovuqda ko‘chalarimizdagi beton qoplamalar muzlab, qo‘porilib ketdi. Mahalladagi mini stadion qurilganidan buyon chim qoplangani yo‘q. Bir necha bor “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi rahbarlariga murojaat bilan chiqdik, ammo natija bo‘lmayapti. 109, 110, 117-ko‘p qavatli uyda yashovchilar chiqindi qutilari yetishmasligi sababli chiqindi uchun to‘lov qilishni xohlamayapti. Yuzdan ziyod xonadondan chiqqan chiqindilardan shu yerdagi yagona quti to‘lib, yonidagi ariqqa tushib boryapti. Chiqindi quti yetishmaydi. 

    

- Qorasuv massivining 111, 112, 113-uylari atrofidagi badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi, - deydi D.Hotamova. – Uyimizga yaqin joyda tovuqxonalar bor. Ko‘chib kelgan paytimizda yaqin vaqt ichida ular boshqa joyga ko‘chirilishi aytilgandi. Mana, ikki yildan beri bu ish amalga oshirilgani yo‘q. Tevarak-atrofni daydi itlar bosib ketgan. Yog‘in-sochin kunlarda ariqlar toshib ketadi. Chunki irrigatsiya tizimlari noto‘g‘ri qurilgan. Ulkan yuk mashinalari ko‘chadan o‘tib qolsa, shovqini asabingizni buzsa, ko‘tarilgan chang-to‘zondan nafas olib bo‘lmay qoladi.

Shaharchadagi ikkita favvora bu yil ishlagani yo‘q. Aytishlaricha, o‘tgan yili ishdan chiqqan suv nasoslari hali joyiga o‘rnatilmagan ekan. Favvoralar atrofidagi yuzdan ziyod tungi chiroqlarning yarmi yonmaydi, yarmining chiroqlari singan yoki o‘g‘irlab ketilgan.

Har qanday hudud ham qarovsiz, e’tiborsiz qoldirilsa, ko‘p o‘tmasdan chiqindixonaga aylanib qolishini obodonlashtirishga mas’ul bo‘lgan “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi mutasaddilari ham yaxshi bilishadiku!

 Lift muammosiga yechim bormi?

Qorasuv maskanida Bahodir Yalangtushbiy mahallasi tashkil etildi va  liftdagi nosozlik tuzatildi - zarnews.uz

- Keyingi vaqtlarda shaharchadagi ayrim ko‘p qavatli uylarning liftlari ishlamayotganligi haqida murojaatlar bo‘lyapti, - deydi Samarqand shahar qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Shodiyev. – Boshqaruv servis kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatmayotgan liftlarni o‘rganib chiqdik. Ma’lum bo‘lishicha, ularning ba’zilarida yuk ko‘tarish tizimida nosozliklar bo‘lsa, ikkitasida markaziy uzatish qismi ishdan chiqqanligi aniqlandi. Imkoniyat darajasida nosozliklarni tuzatishga harakat qilyapmiz. Ammo ba’zilarining ehtiyot qismlari yurtimizda ishlab chiqarilmaganligi tufayli ularni Xitoydan olib kelishga majbur bo‘lyapmiz.

Bir paytlar 72-ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar boshqaruv servis kompaniyasining xizmatlaridan norozi bo‘lib, viloyat uy-joy va kommunal xizmatlar boshqarmasi boshlig‘iga murojaat qilishgan edi. Ular kompaniyaning uy atrofini obodonlashtirish, 2 ta lift, yo‘lak va zinapoyalarning tozaligini ta’minlaymiz, degan va’dalariga ishonib, a’zo bo‘lishgan edi. Biroq bu ishlar amalga oshirilmagach, o‘z ixtiyorlari bilan navbatchilik tashkil etib, kompaniya xizmatidan voz kechishga qaror qilishgandi.

Kompaniya vakillari kelib, bizlarga qarzdorlik haqida ogohlantiruvchi xat berganida e’tiroz bildirdik, - deydi B.Jabborov. – Chunki liftlarimiz birda ishlab, birda ishlamasdi. Yuk liftimiz hatto 40 kungacha ishlamay turdi. Tozalash ishlari amalga oshirilmadi, obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda qoldi, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmaganligidan mutasaddilarga murojaat qilgan edik. Uyning poydevori darz ketganidan yog‘ingarchilik vaqtida yerto‘laga suv oqib tusha boshladi. Hatto o‘tlarni sug‘organda ham suv kirib ketadi.

Xullas, 72-uyda yashovchi aholi boshqaruv servis kompaniya xizmatidan voz kechib, barcha xizmatlarni o‘zlari amalga oshirishga kelishib olishgandi. Ammo ularning orzusi amalga oshmadi. Boshqarma va “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi uyning ajralib chiqishiga rozi bo‘lmadi. Ular tomonidan obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanuvchi alohida farrosh va bog‘bon biriktirib berildi.

- Dastlabki kunlar farrosh kirish eshiklari, zinapoyalar va liftni tozalash bilan, bog‘bon esa gazonlarni sug‘orish bilan shug‘ullana boshladi, - deydi shu uyda yashovchi H.Salomov. - Ammo oradan ko‘p o‘tmasdan, yana ishlar nomiga qilinadigan bo‘lib qoldi. Ishidan norozi bo‘lib, yana bir necha joylarga murojaat qildik. Boshqaruv servis kompaniyasi boshlig‘i bilan uchrasholmaymiz, qachon so‘rab borsak, yo‘q bo‘ladi. Bajarilmagan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishimizni talab qilyapti. Bizlarni nohaqdan qarzdor qilib qo‘yishgan.

P/S. Maqola chop etilayotganda Qorasuv shaharchasida obodonlashtirish ishlari boshlangani haqida xabar oldik. Ma’lum bo‘lishicha, “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi rahbarligiga Ikrom Rahimov tayinlanibdi. Kompaniya ishchilari soni ham 30 nafardan 50 nafarga oshirilibdi.

- Ikki oydan buyon obodonlashtirish ishlari deyarli amalga oshirilmay kelayotgan edi, - deydi boshqaruv servis kompaniyasining yangi rahbari Ikrom Rahimov. – Bugungi kunga kelib ikkita favvoraning nosoz uskunalari almashtirilib, ular ishga tushirildi. Maydonga qo‘shimcha 10 ta o‘rindiq o‘rnatildi. 600 metr elektr sim tortilib, ishdan chiqqan 70 ta tungi chiroq almashtirildi. Qo‘shimcha 5 ta kuzatuv kameralari, 10 ta zamonaviy bekat o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Shodiyona mahallasidagi mini stadion ham bir hafta ichida chim bilan qoplanadi. 109-ko‘p qavatli uyning orqasida chiqindi shoxobchasi qurish ishlari boshlandi. Xullas, bir oy ichida shaharchadagi barcha obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bizning ham yangi rahbar bergan va’dalarga ishongimiz keladi. Chunki Qorasuvda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Uni amalga oshirish esa katta kuch va mablag‘ talab qiladi. Bu ishlar Samarqand shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlarning qat’iy nazorati ostida bajarilsagina, qorasuvliklarning ishonchini qozonish mumkin. Bo‘lmasa...

Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Dilmurod TO‘XTAYeV.

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.