Qorako‘lchilik ilmiy-naslchilik tajriba stansiyasi tashkil etiladi

Mamlakatimiz hududining yarmidan ko‘prog‘ini cho‘l va yarim cho‘llar tashkil qiladi. Bu hududlardan faqatgina qorako‘l qo‘ylari, tuya va echkilarni urchitish maqsadlarida foydalanish mumkin, xolos.

Prezidentimizning 2019 yil 16 avgustdagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  qorako‘lchilik tarmog‘ini rivojlantirishga to‘siq bo‘lib turgan muammolar yechimi va soha istiqbolini belgilab berdi.

Qarorda qorako‘l qo‘ylari bosh sonini ko‘paytirish bo‘yicha rejalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli monitoring tashkil etish, qo‘ylarning biologik salohiyatidan foydalanish, serpusht qo‘ylarni urchitishda innovatsion texnologiyalardan ratsional foydalanish tartiblari belgilandi.

Qorako‘lchilikni rivojlantirish orqali unga qayta ishlov berishning zamonaviy uslublarini qo‘llash nazarda tutilib, qorako‘l, go‘sht, jun, po‘stinbop teri va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqishda resurs tejamkor texnologiyalar joriy qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, suruvlarda sovliqlar salmog‘ini zootexnikaviy me’yorlar (65-70 foiz) darajasiga yetkazish, o‘stirishga qoldirilgan qo‘zilarning 40 foizidan ko‘prog‘ini urg‘ochi qo‘zilar tashkil etishi, qorako‘l sifatiga javob bermaydigan zotlarni bosqichma-bosqich yangilab borish vazifalari qo‘yilgan.

Barchaga ayonki, xo‘jaliklarda mustahkam ozuqa bazasini yaratmasdan turib, qorako‘l qo‘ylarni ko‘paytirib bo‘lmaydi. Buning uchun xo‘jaliklarning har bir otari negizida talab etiladigan ozuqa bilan ta’minlay oladigan sun’iy yaylovlar, qo‘ylarni oziqlantirish va go‘sht kontengentidagi qo‘ylarni bo‘rdoqilash uchun ozuqa ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish lozim. Bunday klasterlar ozuqabop o‘simliklarning vegetatsiya davrini hisobga olib, uni yig‘ib olish va mini sexlar tashkil qilgan holda yaylov o‘simliklarini to‘yimli ozuqa moddalari bilan boyitilgan to‘la qiymatli granulalar ishlab chiqarish, xo‘jaliklardagi suruvlardan tashqari aholi qaramog‘idagi qo‘ylarni ham to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash imkonini beradi.

Hujjatda keltirilgan yana bir muhim jihat, xo‘jaliklardagi yaylovlar hosildorligini oshirishning muhim sharti sifatida tizimni modernizatsiya qilish belgilangan. Shuningdek, yaylovlarda almashlab ekishni joriy etish tizimini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu bilan yaylov o‘simliklarining payhon bo‘lishi va yaylovlarning degradatsiyalanishining oldi olinadi, yaylov o‘simliklari ko‘payishiga imkon yaratiladi.

Mirzohid ISMOILOV,

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi.