Qorako‘lchilikda Nurobodning o‘z o‘rni bor
O‘tgan hafta yoqqan qor va keyingi yomg‘irli kunlar, garchi, inson tabiat oldida ojiz bo‘lsa-da, har kimga turlicha ta’sir qildi. Uyda o‘tirganlar uchun bu ayni muaddo bo‘lsa, shu kecha-kunduzda dala yumushi bor dehqonu bog‘bonlar biroz tang bo‘lgani haqiqat.
O‘zlarining ta’biri bilan aytganda, osmonga qaragan dasht, cho‘l hududlar aholisi bu qor va yomg‘irni baraka, deb qabul qildi va har yilgidan ko‘proq lalmi maydonlarda urug‘ qadash, chorva bosh sonini ko‘paytirishni ko‘ngliga tugdi. Jumladan, nurobodliklar bugun ana shunday kayfiyatda.
– Bugun dunyodagi vaziyatni hammamiz ko‘rib, eshitib turibmiz, – deydi Nurobod tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan “Tim-Ag‘ron chorvadorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nizomjon Norqorayev. – Yurtimizda ham koronavirus keng tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilyapti. Mutaxassislar bu kasallikka chalinmaslik uchun avvalo, xotirjam bo‘lish, uyda qolish va shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish kerakligini aytyapti. Bizning chorvadorlar ham bu talabga qat’iy amal qilyapti. Uyda o‘tirmagan bo‘lsa-da, otarni dala-dashtga olib chiqqanda, shaxsiy gigiyenaga rioya qilyapti. Kerakli vositalar bilan ta’minlaganmiz. Muhimi, o‘ttizdan ortiq oilaviy pudratchilarimiz, cho‘ponlarimizning kayfiyati yaxshi. Chunki ikki yildan buyon qish va bahorning seryog‘in kelayotgani dalalarimizga, chorvamizga baraka berdi. Bu yil ham qo‘zilatish mavsumini muvaffaqiyatli yakunlash arafasidamiz. 2300 dan ortiq sovliqdan yuz foiz mahsulot olib, 95 foizini o‘stirishga qoldiryapmiz. Yaylovlarimizda bu yil o‘t yaxshi, chorva ozuqasida muammo yo‘q. Odamlarning ko‘ngli to‘q, Xudo xohlasa, bu sinovlardan eson-omon o‘tib olamiz.
Bugungi kunda Nurobod tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi 6 ta qorako‘lchilik xo‘jaligida 77 mingdan ortiq qo‘y parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, chorvachilikka ixtisoslashgan 129 fermer xo‘jaligi go‘sht va sut yetishtirish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda. Tuman hokimining o‘rinbosari Abdurashid Do‘stmurodovning qayd etishicha, 2019 yil beshta fermer xo‘jaligi Qozog‘istondan 2,5 ming bosh naslli qo‘y olib keldi. Bu yil ularning har biridan bir boshdan qo‘zi olindi. Bundan tashqari, “Samarqand milk” mas’uliyati cheklangan jamiyati Germaniyadan 600 bosh naslli qoramol olib kelib ko‘paytirmoqda. Ayni paytda tumanda qorako‘lchilik xo‘jaliklarida tuyoq sonini oshirish, sifatli mahsulot olish maqsadida naslchilik va chorva ozuqa bazasini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– O‘tgan yil va bu yilgi yog‘ingarchilik chorvachilikni rivojlantirish, avvalgi yillardagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi, – deydi tumandagi “Nurli el chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi To‘lqin Rahimov. – Shunday paytlar bo‘ldiki, yil qurg‘oqchil kelib, yem-xashak to‘plashni-ku qo‘ying, hatto yaylovlarda ham o‘t unmadi. Oqibatda minglab qo‘yni sotib, ozuqa jamg‘arishimizga to‘g‘ri keldi. Allohga shukr, keyingi ikki yilda yong‘ircharchilik yaxshi bo‘lib, yaylovlarimiz yashnab qoldi. O‘tgan yil jamg‘argan dag‘al xashak hozirgacha bor. Nasib etsa, bu yil ham ozuqa mo‘l bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda yaylovlarimizda chorva uchun ko‘p yillik o‘simliklar ekyapmiz. Misol uchun, 2013 yilda 25 gektar maydonda chogon, izen, teresken ekkandik. Bu xo‘jaligimizning dag‘al ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini birmuncha qopladi.
Tabiiy yaylovlardan to‘rt barobar ko‘p ozuqa beryapti. Bu yil yana 10 gektar yerda shu o‘simlikni ekmoqchimiz. Shuningdek, kovrak ekishni ham boshladik. Kovrak chorvaga ozuqa bo‘lish bilan birga tibbiyot uchun ham qimmatli xomashyo hisoblanadi. Bu choralar birinchi navbatda, yaylov inqirozining oldini olishga, qolaversa, chorva bosh sonining ko‘payishi va mahsuldorligining oshishiga yordam beradi. Qo‘ylarni ozuqa jamg‘arish uchun sotmasak, bu yanada ko‘p go‘sht, qorako‘lteri, jun degani. Ishlab chiqarish ko‘paysa, ish o‘rni ham ko‘payadi, oilaviy pudatchilarimizning manfaatdorligi oshadi, elimiz dasturxona to‘kin bo‘ladi. Hozirda jamiyatimizda 20 ming bosh qo‘y, jumladan 14 ming bosh sovliq bor. Bu yil ozuqa bazasini yetarli darajada jamg‘arish hisobiga chorva bosh soni kamida 1000 taga ko‘payadi. Shuningdek, yakuniga yetayotgan to‘l mavsumida ham 13,5 mingdan ortiq qo‘zi olib, to‘liq o‘stirishga qoldiryapmiz.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 martda qabul qilingan “Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va sohaga oid boshqa huquqiy hujjatlar mazkur tarmoqda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish va jahon bozori talablariga javob beradigan sifatli qorako‘lteri yetishtirish imkoniyatini kengaytirdi.
– Bugun qorako‘lchilikda sun’iy urug‘lantirish va naslni saqlab qolishga jiddiy e’tibor berish kerak, – deydi To‘lqin Rahimov. – Bu borada Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Chunki o‘zimizda ham, xorijda ham qorako‘lteriga talab oshib bormoqda. Ayniqsa, sur qorako‘lterisining xaridori juda ko‘p. Shu sababli biz ham kelgusi besh yilda sur rangli, qalam gulli qorako‘lteri yetishtirishni rejalashtirganmiz.
G‘olib HASANOV.