Qorako‘lchilik rivojida qanday to‘siqlar bor?
- Cho‘l va yaylov chorvachiligining istiqbollari qanday bo‘ladi?
- Ilm-fanni amaliyotga tatbiq etishda qanday muammolar mavjud?
- Xo‘jaliklarda chorva naslini yaxshilash, zotlarni ko‘paytirish va ulardan sifatli xomashyo olish borasida qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
- Olimlarning ilmiy izlanishari natijasida kelib chiqadigan xulosalar nimalarda aks etadi?
Samarqand shahridagi Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu kabi savollarga javob izlandi.
Ikki kunga mo‘ljallanga konferensiyada yurtimiz olimlari bilan birgalikda Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina davlatlaridagi qorako‘lchilik bo‘yicha mutaxassislar onlayn ishtirok etib, sohadagi yutuq va muammolar xususida fikr almashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublikamizda 6 milliondan ziyod qorako‘l qo‘ylari boqilmoqda va 17 million gektar qorako‘lchilikda foydalaniladigan maydonning 25 foizi inqirozga uchragan.
- Konferensiyada yurtimizda tashkil etilgan 45 ta qorako‘lchilik klasterlari vakilari ham ishtirok etib, soha rivojidagi muhim yangiliklardan xabardor bo‘lishmoqda, - deydi respublika qorako‘lchilik uyushmasi axborot xizmati rahbari Dilshod Ismatov. – Ya’ni, ilm-fanni ishlab chiqarishga integratsiyalashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Olimlar tomonidan qilingan ilmiy ishlar amaliyotga tatbiq etilmasdan qolib ketgan. Konferensiyada shu kabi ishlarning samaradorligi o‘rganilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilayotgan qorako‘lchilik klasterlari hududlardagi sub’yektlarni jalb qilgan holda 100 mingta qo‘y jamlashlari lozim. Sohaga ishlab chiqarish sub’yektlarini jalb etish orqali teri, go‘sht yetishtirish, jun tayyorlashni rivojlantirish masalalarida olimlarning maslahatlari asosida, qaysi soha ko‘proq daromadliligini aniqlash uchun olimlar bilan cho‘ponlarni uchrashtirdik. Olimlarning ilmiy ishlarini cho‘ponlarga yetkazish maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mazkur institutda hozirgacha 15 nafar professor va fan doktori, 200 dan ortiq fan nomzodi yetishib chiqdi. Keyingi 45 yilda institutda 40 ga yaqin qorako‘l qo‘ylarining sermahsul zavod turlari, 16 ta cho‘l o‘simlik navi yaratilgan va 70 dan ortiq patent olingan.
Konferensiya doirasida naslli qorako‘l qo‘ylari va qorako‘lchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Konferensiyada viloyat hokimining o‘rinbosari F.Abilov ishtirok etdi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.