Qorako‘lchilik-fan asosida rivojlanadi

Ko‘klam keldi. Oldinda chorvachilikning mas’uliyatli pallasi - qo‘zilatish mavsumi. Xo‘sh, bu mavsumni namunali o‘tkazish uchun qanday choralar qo‘llash kerak? Nurobod tumanidagi Samarqand viloyat qorako‘lchilik markazi hamda “Nurli el-chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar shu yumushga bag‘ishlandi.

Qishloq xo‘jaligida yilning dastlabki hosili qorako‘lchilik sohasida olinadi. Qishning izg‘irin va ayozli kunlaridan betalafot olib chiqilgan sovliqlar mart oyida qo‘zilashni boshlaydi. Qorako‘lchilikda ushbu mavsum eng mas’uliyatli va sinovlarga boy palla hisoblanadi.

Mart oyida o‘tkaziladigan mavsum davomida ob-havoning turli noqulayliklari, ba’zan sovuq, ba’zan seryog‘in kunlar ko‘p bo‘lib, sovliqlardan sog‘lom va durkun qo‘zi olish cho‘pon-cho‘liqlar uchun mashaqqatli tadbir hisoblanadi.

Respublika Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda “Qorako‘lchilik” uyushmasi tashabbusi bilan joylarda qo‘zilatish mavsumini namunali o‘tkazishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.

Shunday tadbir Nurobod tumanidagi Samarqand viloyat qorako‘lchilik markazi hamda “Nurli el-chorvadori” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi qorako‘lchilik xo‘jaliklari va klasterlar  rahbarlari, chorva, naslchilik bo‘yicha mutaxassislar, vetvrach va vettexniklar ishtirok etdi.

“Qorako‘lchilik” uyushmasi raisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori N.Boboqulov, pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi Samarqand hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yo.Jo‘rayev, Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i E.Toshmurodov va boshqa mutaxassislar tomonidan qorako‘lchilik xo‘jaliklari va klasterlar mas’ullariga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida respublikamizning yaylovlarga ega barcha hududlarida ozuqa bazasini yaratgan holda mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, shuningdek, mol so‘yish, teri va junni qayta ishlash, go‘sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida qorako‘lchilik klasterlari tashkil qilindi, – dedi N.Boboqulov. – Mazkur klasterlar Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan yaqindan hamkorlik qilishi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, institutimiz xodimlari qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi viloyatlarga ilmiy yordam ko‘rsatish maqsadida biriktirildi. Bugungi seminarimiz ana shu hamkorlik natijasi sifatida tashkil etildi va soha istiqboli yuzasidan ishlab chiqaruvchilar, qorako‘lchilar bilan o‘zaro fikr almashdik.

Seminarda ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, mavjud ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etishga kelishib olindi.

Zafar Qilichev.