Qoraqalpog‘istonlik 135 yoshli ayol Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilmagan. Nega?
Yaqinda jahon matbuotida (jumladan O‘zbekiston nashrlarida ham) 113 yoshida vafot etgan yaponiyalik Masadzo Nonakani dunyoning eng uzoq yashagan insoni sifatida qayd etildi.
U 1905 yilning 25 iyulida tug‘ilgan. Endilikda dunyodagi eng keksa inson maqomi 1905 yil 15 oktyabrda tug‘ilgan germaniyalik Gustav Gernetga o‘tar ekan.
Shu xabarni o‘qir ekanman, darhol xayolimga 2015 yili mart oyida Qoraqalpog‘istonda vafot etgan 135 yoshdagi To‘ti momo Yusupova keldi. Nima uchun 113 yoshda vafot etgan odamni butun olam shov-shuv qilyapti-yu, ammo 135 yil umr ko‘rgan o‘zbekistonlik onaxonni hech kim eslamaydi?
Googl’dan qidirdim: dunyodagi eng keksa ayol sifatida fransiyalik Janna Kalman e’tirof etilgan. U 122 yosh bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Lekin 135 yoshdagi To‘ti momo bu kitobga kiritilishi u yoqda tursin, internetdan qidirsang ham ko‘p ma’lumot chiqmaydi.
To‘ti momo hayoti davomida 3 ta asrni ko‘rgan. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlariga guvoh bo‘lgan. Kolxozlashtirish ishlarida ishtirok etgan. 17 yoshida turmush qurgan. Eri 1940 yilda, bitta qizi esa 1941 yilda vafot etgan. Ba’zi ma’lumotlarda o‘g‘li bo‘lganligi qayd etiladi. To‘ti momo hayotining oxirigacha chevarasi Hasilbek Tadjibayevning qo‘lida yashagan. 55 yoshni qarshilayotgan Hasilbek akaning ta’kidlashicha, momoning o‘g‘li bo‘lgan yo bo‘lmaganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Biz qizining farzandlarimiz, deydi.
– Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bo‘yicha takliflar bo‘ldi, – deydi Hasilbek Tadjiboyev. – Lekin momoning o‘ziga ham, bizga ham bu takliflar ma’qul kelmagan. Sababi ortiqcha ovoragarchiliklar onaxonni charchatib qo‘yishi mumkin edi. 135 yoshiga kirganida xorijdan, o‘zimizning yurtdan ko‘p jurnalistlar keldi. Shuning o‘zi momoga ancha qiyin bo‘lgan edi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun unga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar qo‘lida tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishiga qaramay, momoning yoshiga shubha bilan qaragan.
To‘ti Yusupova 1880 yil 1 iyulda Rossiya imperiyasining Sirdaryo viloyati Petroaleksandrovsk shahrida (hozirgi To‘rtko‘l tumanining Sharof Rashidov qishlog‘ida) tavallud topgan.
Uning yoshiga ilk bor partiya faollari e’tibor qaratgan va ommaviy axborot vositalariga ma’lum qilgan. Keyinchalik u 100 yoshdan o‘tgan kishi sifatida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
To‘ti Yusupova haqida BBC telekanali hujjatli film tayyorlagan. “Qoraqalpoqfilm” ham 2010 yilda “Uch asrning guvohi” nomli hujjatli filmni yaratgan.
To‘ti momo Yusupova 2015 yilda vafot etganida uning adashi bo‘lgan mashhur aktrisa bilan chalkashtirganlar ham bo‘ldi.
Er SULTON.