Qorasuvdagi aholi hayotidan rozi bo‘layaptimi?

Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini inobatga olib, 2018 yilgi dasturga qo‘shimcha ravishda ko‘p qavatli arzon uylar qurish kiritilgan edi.

2018 yilning o‘zida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 32 ta 7 qavatli ko‘p qavatli arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga mo‘ljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurib, foydalanishga topshirildi.

Shu bilan birga, hududda 540 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, xususiy bog‘cha, ichki ishlar bo‘limi, savdo va maishiy xizmat majmuasi, supermarket qurib bitkazildi.

Shu tariqa, bu yerda qisqa fursatda zamonaviy aholi massivi qad rostladi. Yangi uylarda odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha qulayliklar e’tiborga olingan.

Bu rasmiy nashlarda e’lon qilingan axborot. Aslida ham yangi massivda odamlar uchun barcha qulayliklar yaratilganmi? Shunday bo‘lsa, nega iyun-iyul oylarida bu hududda norozilik kayfiyati hukmron bo‘ldi? Nega turli ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni turli e’tirozlari e’lon qilinmoqda? Bugun hududdagi muammolar hal etildimi?

Shu savollarga javob topish maqsadida Samarqand shahriga tutash Qorasuv massivida bo‘ldik.

Bundan bir necha oy oldin yangi qurilgan 21-uyning poydevori yorilib ketganligi haqidagi xabar ko‘pchilikni tashvishga solgani bor gap. Xalq tilida «GASN» deb yuritiladigan, qurilish nazorati inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shokir Elmuratovning aytishicha bu borada e’tiroz bo‘lgach, belgilangan tartibda ekspertiza tayinlangan: ekspertiza oddiy uslubda, barchaga tushunarli tarzda amalga oshirilgan. Ya’ni poydevorda paydo bo‘lgan yoriq (treshina)ga qog‘oz yopishtirilib, 15-20 kun kuzatilgan. Hech qanday o‘zgarish bo‘lmagandan keyin mutasaddilarning ham, odamlarning ham ko‘ngli tinchigan.

- Ayrimlar uylarda kuzatilgan yon-atrofining cho‘kishi ham ko‘pchilikni xavotirga solgani bor gap, - deydi Sh.Elmuratov. - Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, qurilgan uylarning poydevori mustahkam, uning asosi chuqur (kotlavan) ichiga qo‘yilgan. Tuproq bilan to‘ldirilib, tez sur’atda topshirish uchun quyilgan “styajka” tuproq cho‘kishi oqibatida yorilishi uyning asosiy konstruksiyasiga hech qanday salbiy ta’sir qilmaydi.

Uylarning “podvalida”gi beton ustun va poydevorlar mutaxassisning fikrlarini tasdiqlab turibdi. Buni ayni vaqtda hudud aholisi ham tushunib yetgan. Ammo boshqa muammo yechimi ularni hamon qiziqtirmoqda. Odamlarning noroziligiga sabab bo‘lgan holatlar - maktabgacha ta’lim muassasasi haqida Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Rustam Olimov quyidagilarni so‘zlab berdi:

- To‘g‘ri, dasturga asosan hududda byudjet hisobidan davlat bog‘chasi qurilish rejalashtirilgandi, - deydi R.Olimov. - Ammo Qorasuv massivida maktabgacha ta’lim muassasasi qurishga talabgorlar borligini hisobga olib, davlat tomonidan ajratilgan pulga Past Darg‘om tumanida bog‘cha qurish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu masala davlat rahbarining Samarqandga tashrifi davomida ma’qullangan.

Endi Qorasuv massivida yana uchta maktabgacha ta’lim muassasasi qurilish rejalashtirilgan. Aytish mumkinki, bu bilan hududda bog‘chalar soni to‘rttaga yetgach, tabiiyki kuchli raqobat muhitida ulardagi narx va boshqa masalalar ham odamlarning sharoitiga moslashadi.

Qorasuv massivida 2018 yilga rejalashtirilgan uylar 2019 yilda topshirilgani, ammo vaqt o‘tib uy qurilishidagi kamchiliklar yuzaga chiqavergani rost. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, eshik va derazalar, devorlardagi kamchiliklardan ko‘pchilik norozi bo‘lgani, oqibatda viloyat hokimi aholi bilan uchrashgandi va masala bo‘yicha shtab tashkil qilingandi.

Bugun shtab, ya’ni mahalla fuqarolar yig‘inida “temir daftar” yuritilgan. Kimda uy qurilishi, ta’miri bo‘yicha muammo bo‘lsa, kelib murojaat qiladi. Asosiy buyurtmachi - “O‘zshaharqurilishinvest”, “GASN”, shahar kadastr idorasi, Ipoteka bank vakillari, murojaatda ko‘tarilgan muammolarni o‘rganadi. Vaziyatga qarab zarur choralarni ko‘radi.

Rost, odamlar ko‘targan muammolar bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda. Buni hamma ko‘rib-bilib turgani uchun masalaga batafsil to‘xtalmaymiz. Biroq hamon ayrim muammolar borki, ularning yechimi bo‘yicha jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Xususan, sifatsiz eshikning yoki eshik tutqichining almashtirilgani, hojatxonaga qo‘yilmagan “dimaxod” uy egasining talabi bilan o‘rnatilgani hech bir hujjatsiz amalga oshirilgan. Bu kabi tuzatilgan kamchiliklarni o‘nlab, hatto yuzlab misol keltirish mumkin. Biroq ularning barchasi dastlab ekspertiza qilinib, so‘ng amalga oshirilgan ishlar dalolatnoma qilinishi shart emasmi?

Bundan tashqari, biz kirgan uylarda suv quvurlarining ulangan joylaridan tomchi tomayotganining guvohi bo‘ldik. Quruvchilar bu holni belgilanganidan yuqori bosimda suv berilayotgani uchun “ayrim joylarni urib yuborayotgani” bilan izohlashdi.

- Ko‘p qavatli uylardan oldin namunaviy loyiha asosidagi hovlilarga suv beriladi, - deydi “Suvoqova” davlat unitar korxonasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Komil Yusupov. – Quruvchilar aytganidek, bosim yuqori bo‘lsa, nega “birinchi quloq”dagilar norozi bo‘lmayapti?

K.Yusupovning izohi, hududdagi o‘rganishlar davlat dasturi asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga xom ashyo va qurilish materiallarni yetkazib berish masalasini yana bir bor o‘ylab ko‘rish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Negaki, shtab, ya’ni mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lgan murojaatlarning aksariyat qismi eshikning sifatsizligi, ishlatilgan qurilish materiallari nobopligi sabab bir yil o‘tmay nurab borayotgani to‘g‘risida bo‘lmoqda.

Tashkilotning viloyatdagi muhandislari faqat qurilishni nazorat qilishlarini, bu borada fikr bildirolmasligini aytishdi. Ma’muriyat bilan bog‘langanimizda biz aytgan masala, shu bilan birga uylarning narxi avval boshqacha va qurib bitkazilgach keyin ko‘proq summada bo‘layotgani haqida ikki-uch kunda ma’lumot qilib berishlarini bildirdi. Kutamiz ...

Gapning indallosi shuki, sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, kezi kelganda manfaatdor tashkilotlar vaqtida o‘z vazifasini to‘laqonli amalga oshirishsa muammo va norozilikka o‘rin qolmaydi.

Afsuski, bugun Qorasuvdagi uy-joylarni tegishli tartibda rasmiylashtirishda turli kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, Raxmatilla aka ham yaxshi niyat bilan ko‘p qavatli uylardan birini olgan. Biroq bankda uning uyi kadastr bergan ma’lumotdan 0,76 metr kvadrat ortiqcha hajmda belgilangan. Bu borada mahalla, ya’ni shtabga qilgan murojaati mana uch haftadirki, yechim topmayapti.

Shu va boshqa muammolar sabab bugun aksariyat fuqarolar boshlang‘ich to‘lovlari to‘langan xonadonlarini tegishli tartibda rasmiylashtirib olgani yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘inidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1344 ta xonadonlarga 800-900 atrofida oilalar yashamoqda.

Nazarimda, endi bank xodimlari, shahar hokimligi mutasaddilari biroz jon koyitishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki, xonadon egalari haqidagi to‘liq ma’lumotlar shahar hokimligida mavjud, uylar belgilangan muddatda haqiqiy egasi tomonidan belgilangan muddatda rasmiylashtirib olinmasa, davlat egaligiga qaytariladi. Tabiiyki, bunday holda fuqaro o‘zidan emas, albatta hokimlikdan norozi bo‘ladi.

Bank ma’muriyati bunda asosiy ijrochi bo‘lish bilan birga manfaatdor hisoblanadi. Shu bois, boshlang‘ich badal to‘lagan xonadon sohiblarini uyni rasmiylashtirishga undash ularning kundalik, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasi.

Bundan tashqari, bugun hududda ikkita uy-joy mulkdorlari shirkati tuzilgan. Aksariyat xonadonlar egalari bilan shartnomalar tuzilmagani, tegishli to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmayotgani uchun shirkat ham to‘laqonli faoliyat yuritgani yo‘q. Oqibatda, “yoshi to‘lmagan” massivda fuqarolarning turli o‘zboshimchaligi kuzatilmoqda. Bu ertaga biror ko‘ngilsizlikka sabab bo‘lmasligiga esa kafolat yo‘q.

Masalan, ayrim ko‘p qavatli uylarning oldiga avtomashina qo‘yilmasligi uchun yo‘l boshidan to‘siqlar o‘rnatilgan. To‘siqlar begona avtomashinani uy oldiga kelmasligiga xizmat qilishi mumkin. Ammo tez yordam yoki boshqa xizmat ko‘rsatish mashinasi uy oldiga kelishiga zarurat tug‘ilganda nima qilinadi?

Bundan tashqari, 3-uydagi xonadon sohiblaridan biri yerto‘lani kengaytirish uchun poydevor konstruksiyalarini maydalab buzib, tashqariga chiqarib tashlagan. U bu ishi bilan nafaqat o‘zi, shu uyda yashovchi 41 ta xonadonni xavf ostida qoldirayotganini tushunib yetmagan.

Xulosa shuki, tegishli mas’ullar har bir holat bo‘yicha odamlarni xabardor qilishi shart. Shunda aholi barchasini tushunadi, jamoatchilik nazorati shakllanib, xato va kamchiliklar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.