Qo‘shrabotda qirg‘izistonlik kelinning vaqtida "kirdi-chiqdi" qilmagani oilaga qimmatga tushdi
Ma’lum bo‘lishicha qaynotasi uning vaqtinchalik ro‘yxat muddatini vaqtida uzaytirmasdan yashab yurishiga sharoit yaratgan. U buning uchun sudda javobgarlikka tortildi.
Bayonotida sodir qilgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, qaramog‘ida turmush o‘rtog‘i, kelini va ikki nafar nevarasi bo‘lib, ular bilan birga olayotgan nafaqasi asosida yashayotganliklarini, yagona boquvchi ekanligini, boshqa bunday holat takrorlanmasligini bildirgan.
Sud qaynotani Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish huquqbuzarligini sodir qilganlikda aybli deb topgan.
Unga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi, ya’ni 135 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlagan.
"Ish"i sudda muhokama qilingan qirg‘izistonlik kelin turmush o‘rtog‘i vafot etganligini, qaramog‘ida ikki nafar farzandi bo‘lib, sodir qilgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, boshqa bunday holat takrorlanmasligini bildirgan.
Sud uning oilaviy sharoiti va moddiy ahvolini inobatga olib, qaynota bilan teng miqdorda jarima to‘lashini belgilagan.