Qo‘shrabotlik o‘g‘rigina yigit: u muddatli harbiy xizmatda “qo‘ygan hol”ini tuzatish uchun shu ishga qo‘l urgan
Har qanday holatda ham o‘g‘rilikni oqlab bo‘lmaydi. Ammo bu yigitning shu ishni qilishiga sabab bo‘lgan voqea ko‘pchilik uchun ibrat bo‘lishi kerak. Negaki, ota-ona yaxshi niyatlar bilan harbiy xizmatga yuborsa-yu, u qaytgach hamqishloqlarining qo‘yini o‘g‘irlab sotishi hech qaysi mantiqqa yoki qoidaga to‘g‘ri kelmasa kerak?!
U dastlab cho‘ponlar tushlik qilayotganidan foydalangan. Qo‘rada qamalgan qo‘ylar orasidan bir bosh qo‘chqor, sovliq va qo‘zichoqni haydab ketganini o‘sha payt hech kim ilg‘amagan.
Shuncha jonliqqa ega bo‘lgan “azamat” ularni 200 ming so‘mga taksi yollab Samarqand shahridagi tanishlarinikiga olib boradi. Bu yerda ularni arzon garovga pullab ortga qaytadi. To‘plangan pullar kamligi sabab oradan ko‘p o‘tmay o‘g‘riligini yana davom ettiradi.
Albatta, o‘zi ham hech qancha vaqtga qolmay qo‘lga olinadi.
“Xizmat davrida bir qiz bilan ishqiy munosabatlarim chuqurlashib ketgandi, - deydi yigitcha sudga bergan ko‘rsatmasida. - Qaytganimdan keyin ham xabarlashib turdik. Keyinchalik unga uylanmasligimni bilib, "Agar 1000 dollar bermasang, seni qamataman", dedi. Shu pulni topish uchun o‘g‘rilik qilishga majbur bo‘ldim.”
To‘g‘ri, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar to‘liq qoplangan. Ammo yo‘qotilgan or nima bo‘ladi? Kamiga yigitchaga qilmishi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi hukmiga ko‘ra, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Uning yashash joyidan har kuni kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklandi. Shuningdek, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik; Samarqand viloyati hududini tark etmaslik; muayyan joylarga, ya’ni kafe, bar va restoranlarga bormaslik; alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslikdan iborat qo‘shimcha cheklashlar yuklatildi.