Qudalar janjali fojia bilan tugadi
Sarvar va Maqsuda (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) baxtli umr kechirish niyatida katta orzular bilan oila qurdi. Ko‘p o‘tmay, farzandli ham bo‘lishdi. Ammo bu yosh oila hayotning ba’zi achchiq sinovlaridan o‘ta olmadi. Sarvarning ota-onasi kelinining o‘g‘liga yoqmasligini vaj qilib, yosh oilaning ajrashib ketishiga sababchi bo‘lishdi.
Ko‘p o‘tmay, Sarvar ikkinchi bor uylandi. Shundan so‘ng quda tomon bilan mojaro boshlandi. Maqsudaning otasi qizini oilasiga qaytarish ilinjida sudga murojaat qildi. Sud Maqsuda qaynotasiga tegishli xonadonda yashash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Ayni shu masalani hal qilish maqsadida qudasining uyiga kelgan Orif Haqberdiyev u bilan «sen-men»ga borib qoladi. Oqibatda kuyovning otasi Hamid Hasanov qudasiga pichoq uradi. O.Haqberdiyev shifoxonaga yetib borguncha yorug‘ dunyo bilan vidolashadi...
Afsuski, ikki yoshni yarashtirib, ularga baxt yo‘lini ko‘rsatishi kerak bo‘lgan H.Hasanov o‘z qudasining qotiliga aylandi. Avval oddiy oilaviy kelishmovchilik bilan boshlangan mojaroning oxiri dahshatli xotima oldi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Ko‘kcha Darvoza mahallasida sodir bo‘lgan mazkur hodisa yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan. Bu haqda «Mahalla» gazetasida ma’lum qilindi.