Quduqdan qizchani qutqarib olgan qutqaruvchi nega bu kasbni tanlagani haqida so‘zlab berdi

Yaqinda Navoiy viloyati, Zarafshon shahrida quduqqa tushib ketgan qizaloq va uning hayotini saqlab qolingani haqida xabarlar tarqalgandi. Vazifasidan kelib chiqqan holda shu joyga o‘z vaqtida yetib borib, qizaloqni qutqargan Umidjon Husanov bilan suhbatlashdim. Zarafshon shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta ofitseri, leytenant Umidjon yoshligidan odamlarga, yoshi kattalarga yordam berish hissi bilan tarbiyalanganini aytib o‘tdi.  Bolaligida o‘zi ham quduqqa tushib ketishiga bir bahya qolgan Umidjon bu holatdagi qo‘rquvni esda saqlab qolgan ekan.

- Ushbu kasbni o‘zim qiziqib tanlaganman, deb aytdingiz, suhbatimiz davomida. Qiziqishingizga biror voqea sabab bo‘lganmi?

- Yoshligimda televideniye orqali qutqaruvchilar faoliyati bilan bog‘liq bir ko‘rsatuv bo‘lardi. Uning har bir sonini intiqlik bilan kutar va berilib tomosha qilardim. Xayolimda o‘zimni ularning o‘rnida tasavvur qilib ko‘rardim. Shu xayollarim niyatga aylandi, niyat esa maqsadga. Ayniqsa, o‘qishni bitirayotgan yilim favqulodda vaziyatlar xodimlari bilan uchrashuvdan so‘ng maqsadim qat’iylasha boshladi.

- Ota-onangiz bilan maslahatlashganmisiz?

- To‘g‘risini aytsam yo‘q. Sababi, qiziqishim kuchli, maqsadim qat’iy edi. Oilamizda harbiy sohada ishlaganlar bo‘lmagan. Shuning uchunmi, oilamizdagilarning barchasi bu sohani tanlaganimdan g‘ururlanishdi. Ayniqsa, Husan buvam. U kishi bir umr cho‘ponlik qilgan. Ammo halollik, kasbga muhabbat, odamiylikning ilk bilimlarini shu kishidan o‘zlashtirganman. Birovning molini o‘z jonidan ham ziyod asraydigan bobom biz uchun haqiqiy ibrat, o‘rnak oladigan kishi. Buni yillar o‘tib, yanayam yaxshiroq anglay boshlayapman.

- Qutqaruvchilar haqidagi ko‘rsatuvlarni berilib tomosha qilardim, dedingiz. O‘zingiz ham ularga taqlidan nimalardir qilishga intilganmisiz?

- Avvalo, ko‘cha-ko‘yda sal og‘irroq sumka ko‘tarib yurgan onalarni ko‘rsam, ularga albatta, yordam berardim. Buni shunchaki, burchim deb bilganman. Nuroniy otaxonalarga ko‘chada yurishiga yordam berishga harakat qilardim.

- Quduqqa tushib ketgan qizchani qutqarish jarayoniga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Chaqiriq bo‘lgan zahotiyoq zudlik bilan voqea joyiga yetib bordik. Vaziyatni tushunib, darhol arqonni quduqqa tushirib, o‘zim pastga tusha boshladim. Ammo chuqurlikni yetarlicha chamalay olmagan ekanmiz, ip yetmay qoldi. Oyog‘imni devorga tirab, bor kuchimni sarflab, qizchaga qo‘limni uzatib, tutib, so‘ng ko‘tarib oldim. Baxtimizga qizchaning biror joyi sinmagan, lat yemagan ekan. Baribir shifokorlarga ko‘rsatib, ahvoli yaxshiligi ayon bo‘lgachgina xotirjam bo‘ldik.

- Quduqqa hech qanday tekshiruvlarsiz kirdilaringizmi?

- Bolaning yig‘isi eshitilayotganining o‘zi quduq haqida yetarli ma’lumot beradi. Ya’ni, quduqda suv yo‘q, hech qanday gaz to‘planmagan va uning taxminiy chuqurligi ham ma’lum. Tezkor ishlashimiz lozim va bunday vaziyatlardagi ahvol ortiqcha o‘ylanib o‘tirishimizga izn bermaydi, inson hayotini tezkor qutqarib qolishimiz kerak. Bu borada olgan bilimlar favqulodda holatlarda yashin tezligiday xayolimizga keladi va shu bo‘yicha harakat qilamiz. To‘g‘risi, o‘zim ham bolaligimda quduqqa tushib ketishimga bir bahya qolgandi, o‘sha paytdagi qo‘rquv haliyam esimda.

- Murakkab vaziyatlardagi xizmatlaringizda omad tilayman!

Munisa ShAMSIYeVA suhbatlashdi.