Qullik mavjud bo‘lgan mamlakatlar
“Free the Slaves” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, zamonaviy dunyoda 27 millionga yaqin odam qullik holatida yashaydi va bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib bormoqda.
Aksariyat odamlar qullikni mutlaq vahshiylik deb hisoblasa-da, hozirgi kunda dunyoda qullik norma hisoblangan davlatlar ham bor. Albatta, ularda qullik qonun bilan mustahkamlanmagan, biroq asrlar davomida “qul-xo‘jayin” munosabatlari an’anaviy turmush tarzi sifatida davom etib kelinadi. Bugungi maqolamizda ana shu davlatlar haqida so‘z yuritiladi.
Mavritaniya
Hududining 60 foizi og‘ir sahro qumlari bilan qoplangan, qolgan qattiq qizil toshli zamini esa hayot uchun yaroqsiz. Bu mamlakatda qullik 1981 yilda bekor qilingan, lekin faqat qog‘ozda, aslida hammasi asrlar davomida avvalgidek saqlanib qolingan.
Jamiyat juda tabaqalashgan va “Xuratin” kambag‘al tub aholisi avlodlari an’anaviy ravishda oq mavr – Hasan arablarga qul bo‘lib kelgan. Har bir arab oilasi bir necha (hatto ularning bolalari ham qul bo‘lib, ota-onalariga emas, xo‘jayinlariga tegishli) afromavr oilalariga egalik qiladi.
Qullarga dehqonchilikdan tortib, uyda xizmat qilishgacha turli ishlar tayinlanadi. Ular hech qanday pulni ko‘rmaydi, ba’zilari hatto pul nimaligi va dunyoda odamlar o‘rtasida “qul-xo‘jayin” munosabatidan tashqari boshqa munosabat borligi haqida xabari ham yo‘q.
Gaiti
Aslida Gaitida qullik yo‘q, lekin butun dunyo bo‘ylab qullikning global indeksini hisoblaydigan “Global slavery index” sayti Gaiti Mavritaniyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turishini aniqladi. Odamlar ixtiyoriy ravishda qullikka rozi bo‘lishadi, chunki bu eng qashshoq mamlakatda ochlikdan o‘lmaslikning yagona yo‘li.
Ayniqsa, Gaitida bolalar qulligi keng tarqalgan. Oilalarda bolalar soni ba’zan o‘ntagacha yetadigan daromadi va ro‘zg‘or yetishmovchiligi ota-onalarni o‘z farzandlarini begona joylarga yuborishga majbur qiladi.
Gaiti qonunlariga ko‘ra, voyaga yetgan har qanday xizmatchiga ish haqi to‘lanishi kerak. Shu sababli janoblar 16 yoshga to‘lgan o‘smirlarni ko‘chaga qo‘yib yuborishadi, ko‘p hollarda ular uysiz bolalar armiyasiga qo‘shiladi yoki o‘z hayotini garovga qo‘yib, oziq-ovqat yoki kiyim-kechak topish umidida ixtiyoriy ravishda qul bozorlariga borishadi.
Pokiston
Pokistonlik qullar nima qilishadi? Qoida tariqasida ular ko‘plab ibtidoiy usulda tashkil etilgan g‘isht zavodlarida ishlaydi. Bundan tashqari, u yerda nafaqat erakaklar, balki ayollar, bolalar va hatto “azaliy qullar”ning butun oilalari ham ishlaydi.
Albatta, bu hanuzgacha qullik saqlanib qolingan davlatlarning hammasi emas. Misol uchun, Hindistonda 15 millionga yaqin qul bor – ularning barchasi boy qarindoshlariga xizmat qiladi va butun umri davomida hech qachon qo‘lida pul ushlab ko‘rmaydi. Braziliyada esa u yerdan qochishning iloji bo‘lmagan Amazoniyaning zich o‘rmonlarida joylashtirilgan metallurgiya ehtiyojlari uchun lozim yog‘ochni kuydirib, ko‘mir tayyorlab beruvchi qullar bor.
***
Qullik aksariyat zamonaviy qullar uchun majburiyat ham, zarurat ham emas, balki o‘zlari o‘rganib qolgan va hech narsani o‘zgartirishni xohlamaydigan hayotning bir qismiga aylanib qolgan ekan, qanday qilib hamma narsani o‘zgartirish mumkin? Dunyoda qullikka qarshi kurash davom etishiga qaramay, yaqin kelajakda bu boradagi muammolarning yaxshi tomonga hal etilishi dargumon.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.