Qurilish ob’yektlarida mualliflik hamda texnik nazoratning o‘rni juda muhim
13 iyun kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sakson yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Deputatlar dastlab Kengashi kotibiyati bilan bog‘liq tashkiliy masala va viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqib, tegishli qarorlarni qabul qildilar.
So‘ngra Payariq, Samarqand va Toyloq tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan maxsus soliq rejimi joriy etiladigan turizm hududlarini belgilash to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Payariq tumanidagi Choshtepa, Xo‘ja Ismoil, Samarqand tumanidagi Mironqul, Ohalik, Oqbo‘yra, Konigil, Toyloq tumanidagi Bog‘izog‘on, Sariosiyo, Baxshitepa mahallalarida mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladigan turizm hududlari sifatida belgilandi.
Sessiya kun tartibidan o‘rin olgan viloyatda yo‘llar va ko‘priklar, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti, ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari ob’yektlari uchun bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala deputatlarning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
- Viloyat hududlardagi birinchi navbatda amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlarning manzilli dasturiga muvofiq shahar va tumanlardagi 298 ta ob’yektda ichki xo‘jalik yo‘llari va ko‘priklar, 18 ob’yektda suv inshootlari, 27 ta ijtimoiy soha ob’yektlarida bajariladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha bosh pudratchi va bosh loyihachi tashkilotlarning ro‘yxati shakllantirilgan, - dedi Erkinjon Turdimov. – Bu ishlarni sifatli bajarish va tez kunlarda yakunlash bugunning dolzarb vazifasi sanaladi.
Shundoq tuproqning ustiga asfalt yotqizish, suv tortish uchun kavlangan yerni shu joydan chiqqan tuproq bilan ko‘mib qo‘yish, qurilayotgan binolarni tekshiruvdan o‘tkazmasdan qabul qilish holatlariga necha-necha bor guvoh bo‘ldik.
Endi har bir ish uchun buyurtmachi, loyihachi, pudratchi, quruvchi shaxsan javob beradi. Ular “mualliflik nazorati”, degan tushunchani ongiga chuqur singdirib olishi, bajarayotgan har bir ishini aholi bilan maslahatlashib, ularning takliflari asosida amalga oshirishi shart.
Qolaversa, yo‘llar va ko‘priklar, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti, ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari ob’yektlarini viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari ham nazorat qilib boradi.
Agar deputatlar e’tiroz bildirayotgan holatlar bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha ob’yekt foydalanishga qabul qilinmaydi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.