Qurilishda shaffoflik ta’minlansa, korrupsiyaning oldi olinadi, sifat oshadi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari ellik birinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Videoselektor tarzidagi sessiyada viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar boshliqlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Sessiyada davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroridan kelib chiqib, 2022 yilda viloyatda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

Mazkur masala yuzasidan so‘zga chiqqan viloyat hokimi E.Turdimovning ta’kidlashicha, 2021 yilda viloyatda 1 trillion 800 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Mazkur ishlarni bajarish jarayonida qurilishlarda qonun buzilish va korrupsiya holatlari ham qayd etilgan.

2022 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini, konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat dasturlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirish, mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 10 dekabrda PQ-43-sonli qaror imzolandi. Viloyatda ushbu qaror ijrosini sifatli ta’minlash maqsadida 2021 yil 18 dekabrda viloyat hokimining qarori qabul qilindi va qaror bilan viloyatda davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi tasdiqlandi.

– Prezidentimiz qarori bilan davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi va hududiy hamda tuman (shahar)  shtablarining namunaviy tarkibi tasdiqlandi, – dedi E.Turdimov. – Mazkur shtablarga davlat dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini, davlat dasturlariga kiritish uchun loyihalarni tanlab olishdan ularning dastlabki manzilli ro‘yxatini shakllantirish, loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va dasturlarni tasdiqlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni, loyihalar doirasida tanlov (tender)lar o‘z vaqtida va shaffof o‘tkazilishini, qurilish-pudrat ishlarining sifatli bajarilishi va loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini, shuningdek, loyihalar belgilangan muddatlarda yakunlanishini nazorat qilish topshirildi. Shuningdek, shtablar loyihalar ularning tashabbuskorlari (buyurtmachilar) tomonidan o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi. Moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmagan loyihalar bo‘yicha xarajatlar amalga oshirilishi va (yoki) ishlar bajarilishiga, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlari parallel ravishda olib borilishiga, pudratchi (loyihachi) tashkilotlarning tanlov (tender) o‘tkazmasdan tanlab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Loyihalarni tanlab olish, ularni amalga oshirish va ishga tushirish jarayonlarining barcha bosqichida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini oladi va uni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi. Loyihalar doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlarini tahlil qilish, ularni asossiz ravishda oshirishga va tasdiqlangan loyiha hujjatlariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Hududiy va tuman (shahar) shtablari tarkibiga kiruvchi huquq-tartibot idoralari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tezkor-qidiruv vakolatlari doirasida, davlat dasturlarini moliyalashtirishga ajratiladigan mablag‘larning har bir loyiha kesimida maqsadli sarflanishini ta’minlash va ular talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha tizimli nazorat tadbirlarini o‘tkazib boradi.

Har chorak yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, shu jumladan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali viloyat, tuman va shahar hokimlari davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar hajmi va natijadorligi, har bir loyihaning amalga oshirilishi holati, shuningdek, kelgusi chorak uchun aniq rejalar yuzasidan tegishli hudud aholisini xabardor qilib boradi.

2022 yildan boshlab kelgusi yillar uchun dastur ishlab chiqilishida:

- 1 aprelga qadar joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining holatini, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurati va ularning joylashuvi, shuningdek, ushbu masalalar bo‘yicha keng jamoatchilik fikri o‘rganiladi;

- 1 mayga qadar xalq deputatlari mahalliy kengashlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, dasturga kiritiladigan loyihalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga shaxsiy kafillik asosida taklif kiritiladi;

- 1 mayga qadar moliya vazirligi loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni buyurtmachilar kesimida shakllantiradi;

- 1 iyulga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan dasturga kiritish taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqib, ularning dastlabki manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi;

- 1 noyabrga qadar hududlar, sohalar va tarmoqlar rahbarlari dastlabki manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalar bo‘yicha loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish choralarini ko‘radi va bu borada ularga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.

Kalendar yilining yakuniga qadar kelgusi yillar uchun dastur tasdiqlanib, unga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tanlov (tender)lar e’lon qilinadi. Bunda, dasturga loyiha (loyihaoldi) hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmagan loyihalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

– Bundan buyon tender o‘tkazilmay, moliyalashtirilmasdan turib hech qanday qurilish boshlanmaydi, – dedi E.Turdimov. – “Sen qurilishni qilaver, pulini o‘tkazib beramiz” degan gap ketmaydi endi. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi. Endi loyihachi ham, pudratchi ham tanlov asosida tanlanadi. Tanlovlar elektron shaklda o‘tkaziladi. Ayrim tashkilotlarda qurilishning buyurtmachisi, pudratchi va nazoratchisi ham bitta idora tizimida. Bunday sharoitda shaffoflik, adolat bo‘ladimi? Qurilishda sifat qoladimi? umuman, endi qurilish korrupsiyadan xoli, ish shaffof bo‘lishi kerak.

  Bugungi kunda 2022 yilgi investitsiya dasturlari barcha hududlar kesimida to‘liq shakllantirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatimizda byudjet mablag‘lari hisobidan 1 trillion 178 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, 83 ta ijtimoiy soha ob’yekti uchun 486,6 milliard so‘m, 10 ta  ichimlik suvi va kanalizatsiya ob’yektlari bo‘yicha 60,6 milliard so‘m, 70 kilometr avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish hamda 2 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich qurish uchun 167,9 milliard so‘m ajratiladi.

Davlat dasturiga qo‘shimcha amalga oshiriladigan loyihalar doirasida 2022 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan 459 ta ob’yekt aniqlanib, ular uchun 5 trillion 387 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Xususan, 59 ta ob’yekt mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2022 yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 10,9 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 73 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi.