Qurilishda tartib bo‘lishi shart

Avval xabar berganimizdek, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahrining Rudakiy ko‘chasida olib borilayotgan qurilishlar ahvolini ko‘zdan kechirdi.

Soha mas’ullari, quruvchilar va boshqa mutasaddilar ishtirokida bu yerda qurilgan ko‘p qavatli uylarning holati, noqonuniy qurilishlar, qurib topshirilgan yoki topshirilmasdan odamlar ko‘chib kelib yashayotgan holatlar o‘rganildi. Ayrim yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga qabul qilingan, ularda tugallanmagan kamchiliklar juda ko‘p. Misol uchun, uylar oldida bolalar maydonchasi, avtoturargoh, yo‘laklarga asfalt yotqizish, o‘rindiqlar o‘rnatish, sport maydonchasi qurish, tungi yoritgichlar, video kuzatuv moslamalari o‘rnatish, atrofni obodonlashtirish quruvchilarning vazifasi hisoblanadi va bu ishlar ularning loyiha-smetasiga kiritilgan. Ammo aksariyatida bu yumushlar bajarilmasdan qolgan. Ayrim uylarda lift ishlamaydi, boshqasida esa anchadan buyon odamlar istiqomat qilmoqda. Vaholanki, uy hali foydalanishga qabul qilinmagan, uylarning orqa tomonida esa noqonuniy binolar qurilgan.

Masalan, 187-uyning orqa tomonida “uddaburon” kishilar noqonuniy qurilish ishlarini boshlab yuborishgan. Uy atroflarini obodonlashtirish, yo‘laklarga beton qoplamasi yotqizish va asfalt qilish ishlari bajarilmagan.

Uylarning aksariyatiyada lift ishlamaydi, uylar foydalanishga qabul qilinmagan, shirkat tuzilmagan, shu bois fuqarolarga xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi. Rudakiy ko‘chasidagi 75-uyda sharoitlar bilan tanishganda shu holga duch kelindi. 

- Uyni foydalanishga topshirish hujjati qilinmagan, 55 xonadonga mo‘ljallangan uyda ularga yetarli avtoturargoh rejalashtirilmagan. Lift ham ishlamaydi, odamlar yuqori qavatlarga chiqib-tushishda zinalardan foydalanmoqda. Atrof obodonlashtirilmagan, yo‘laklar asfalt va betonlashtirilmagan, - dedi viloyat hokimi. – Ishni bajargan quruvchi albatta, daromad olsin, boy bo‘lsin. Lekin birovning noroziligi evaziga kelgan daromad tatiydimi? Quruvchining vijdonan bajarmagan ishi xonadon sohiblariga zarar keltirmasligi kerak. Uylar oldidagi noqonuniy qurilishlarni tezda bartaraf etish, bunday hollar yuz bermasligi uchun joylarda qonun ijrosi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.

Islohot mahallasida yashovchi Gulnora Abdunazarova turmush o‘rtog‘i va qizi bilan 4 sotixli hovlida yashab kelgan. Bu yerda ko‘p qavatli uy qurilgan. Ammo xonadon sohiblari quruvchi bilan kelisha olmagach, uy buzilmasdan qolgan va hovlining yaqinginasidan 147-ko‘p qavatli uy barpo etilgan.

Qurilish jarayonida bu yolg‘iz hovlida yashovchilar xavfsizligi qanday ta’minlangan?

Viloyat hokimi quruvchi va tegishli mutasaddilarga qonun talablariga ko‘ra, uy egasining roziligi bilan ularga boshqa joydan uy olib berish yoki bozor narxida uyning mablag‘ini to‘lab berish vazifasini topshirdi. Ko‘p qavatli uylarda belgilangan talablar bajarilmasdan turib, foydalanishga qabul qilgan arxitektura, kadastr idorasi, Samarqand shahar hokimligi va boshqa mas’ullarga bir haftada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, noqonuniy qurilishlarni buzish, uylar atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarga beton va asfalt yotqizish, liftlar sozligini ta’minlash va boshqa kamchiliklarni tuzatish vazifasini yukladi.

Saytimizni kuzatib boring. Bu vazifalarning ijrosi yuzasidan Sizga xabar berib boramiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.