Urgutda elektr energiyasini noqonuniy "ishlatgan" quruvchilar aniqlandi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Urgut tumani bo‘limi “O‘zenergoinspeksiya” viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tumanda elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida bir qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi.
Jumladan, 20 fevral kuni o‘tkazilgan tadbirda tumanning Kamongaron mahallasi hududida “BRIHGT FUTURE HOUSE” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgan 7 ta ko‘p qavatli uyda jami quvvati 104,0 kWh bo‘lgan liftlar, suv ko‘tarish nasoslari va ko‘cha yoritkichlari uchun elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor tegishli qurilmalar uchun elektr hisoblagich o‘rnatgan, biroq hududiy elektr ta’minoti korxonasi bilan elektr ta’minoti bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilmaganligi uchun uskuna “Billing” dasturida ro‘yxatga olinmagan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning oqibatida davlatga 750 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
O‘rganishlar davomida mazkur mahalla hududida joylashgan “Yarash fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgan 1 ta ko‘p qavatli uy, “Universal suppli servis 2022” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgan 2 ta ko‘p qavatli uyda ham elektr energiyasidan foydalanishda ayni “usul” qo‘llanilgan. Bu harakat bilan “Yarash fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati davlatga 125 million so‘m, “Universal suppli servis 2022" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa 145 million so‘m zarar keltirgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.