Rahbar bilan bir kun
Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Sattorov bilan suhbatlash niyatida telefon qildim. O‘ng keltirganini qarang-ki, o‘sha rahbarning o‘zi men yashaydigan hududda amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirgani kelayotgan ekan. “Vaqtingiz bo‘lsa, bir kun men bilan birga yuring, savol ham bermang, biron narsa ham demang”, dedi u kishi.
Bir kun birga yurdim, savol ham bermadim, gapirmadim ham, ammo hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Samarqand shahrini ko‘rkamlashtirish, obod qilish uchun Prezidentimiz 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ni ajratgan. Shahardagi barcha ko‘p qavatli binolar, ko‘chalar, bekatlar, yo‘l yoqasidagi binolar ta’mirlanmoqda. Sobiq ittifoq davrida bir xil bo‘yalib, allaqanday kulrang tusda bo‘lib qolgan uylar hammasi har xil ranglarda bo‘yalib, ko‘rgan ko‘zni quvontiradigan ko‘rinishga keltirilmoqda. Elektr simlari va simyog‘ochlari, issiq va sovuq suv quvurlari yangisiga almashtirilmoqda. Xullas, Samarqandda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shaharning So‘g‘diyona maskanidagi barcha uy-joy shirkatlari va maskandagi ta’mirlash ishlarini olib borayotgan qurilish tashkilotlari rahbarlari, pudratchilar to‘planishgan ekan. Yig‘ilish qisqa, aniq lo‘nda bo‘ldi. Gapning bo‘ladiganini gapirdi:
– Quruvchilar, tanlovda har biringiz muayyan uylarni chiroyli ta’mirlab berish imkoniyatini qo‘lga kiritgansiz, sizga kerakli mablag‘, texnika ajratilgan, viloyat hokimi tomonidan 20 fevralgacha barcha ta’mirlash ishlarini tugatishingiz belgilab berilgan. Men ob-havo sovugani, yog‘ingarchilik bo‘layotgani, bu sharoitda binolarning fasad qismida ta’mirlash, bo‘yash ishlarini olib borib bo‘lmasligini hisobga olib, o‘z vakolatimdan foydalanib, sizlarga yana 10 kun qo‘shib beraman. Ammo, marhamat qilib, 1 martga qadar hamma ishni tugatib, har biringiz olgan uylaringizni davlat qabuli asosida topshiring. Bitta narsani aytib qo‘yay, davlat qabulidan oldin jamoat qabuli bo‘ladi. Shirkatlar, mahallalar, shu uyda yashovchilar ishtirok etadigan nufuzli jamoatchilik komissiyasini tuzamiz. Ular har bir uyni, uning yo‘laklarini, barcha qavatlardagi zinalar-u, tutqichlarini, yerto‘lalaridan tomlarigacha ko‘rib chiqadilar. “Mana shu uy ko‘ngildagidek ta’mirdan chiqarilibdi”, deyishganidan keyingina davlat qabuliga taqdim qilamiz. Chunki bu uylarda davlat komissiyasi a’zolari emas, o‘sha yerning aholisi yashaydi. Avvalo, shu uylarda yashovchilar sizlarning ishlaringizdan rozi bo‘lishlari kerak.
Shundan so‘ng Rustam aka quruvchilar bajarayotgan ishlarning sifatini tekshirish uchun o‘zi yuborgan boshqarma huquqshunosidan axborot berishini so‘radi. Huquqshunos quruvchilarning ishini ham, aholining fikrlarini ham o‘rganganini aytib, ayrim pudratchilarning ishidagi jiddiy kamchiliklarni sanadi. Xususan,bir necha pudratchi yomg‘ir quvurlarini o‘rnatishda juda yupqa tunukadan foydalanganini aytdi. Ayrim uylarda ta’mirlash ishlari shoshma-shosharlik bilan qilingani, did bilan qilinmaganini aytdi. Rustam aka har bir pudratchidan buning sababini so‘rab, huquqshunos ta’kidlagan ishlarni boshqatdan qilishini tayinladi.
Ko‘p qavatli uylarda yashayotganlar bilan suhbatlashdik. Ayrimlari ta’mirlash ishlarida bo‘layotgan kamchiliklarni aytishsa, ayrimlari uylari juda chiroyli bo‘lib qolganidan xursandliklarini aytishdi. Aholining e’tirof etishicha, yo‘laklar (pod’yezd) va zinalarni bo‘yashda juda sifatsiz bo‘yoqlar ishlatilmoqdaki, ular bir-ikki yuvganda “yuvilib ketyapti”. Ko‘p zinalar chetidagi tutqichlar yaxshi ta’mirlanmagan, ayrimlarining orasi yetarlicha to‘silmaganidan o‘yinqaroq yosh bolalar tushib ketish xavfi bor. Bu kamchiliklarning har biri xususida Rustam Sattorov yordamchilariga ko‘rsatmalar berib, ularni bartaraf qilishning aniq muddatini belgilab berdi.
Xuddi ana shunday qisqa yig‘ilish va ta’mirlanayotgan uylarni ko‘zdan kechirish samarqandliklar Mikrorayon deb ataydigan mavzeda ham bo‘lib o‘tdi.
Ana shu yerda Rustam Sattorov bir necha uylarni ataylab ko‘rsatib, o‘ziga “bosh og‘riq” bo‘layotgan muammoni bayon qildi:
– Balkon muammosi rostdan ham jiddiy muammo. Xabaringiz bor, Toshkentda balkonlar bilan bog‘liq bir emas, ikki mudhish voqea sodir bo‘ldi. Bu narsa Samarqandda bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi. Mana, ko‘ryapsiz, odamlar ochiq turishi kerak bo‘lgan balkonni qo‘shimcha xona qilib olishgan, ko‘pchilik oshxonani balkonga chiqarib, oshxonani qo‘shimcha xona qilib olgan. Ko‘pchilik g‘isht terib, balkonlarni yopib olishgan. Ammo bu balkonlar bunaqa og‘irlikni ko‘tarmaydi, ular monolit ham emas. Mana bu uyning balkoniga qarang, u bir tomonga og‘ishni boshlagan. Beton ham, metall ham zamonlar o‘tib, mustahkamligi yemiriladi, turib-turib, bir kuni birdaniga tashlab yuborishi mumkin. Ana shunda barcha qavatlarning balkonlari o‘pirilib tushadi. Bu esa fojiali yakun topishi mumkin.
Haqiqatdan ham ana shunday “ayvoncha”li (balkonli) uylarni kuzatganimizda bu uylarni ta’mirlangan desa ham bo‘ladi, ta’mirlanmagan desa ham bo‘ladi. Sababi har kimning “ayvoncha”si har xil yopilgan, har kim aqli va imkoni yetganicha yopib, bo‘yagan. Hammasiga har xil derazalar yasalgan. Bu “olachiporlik” bir so‘z bilan aytganda ko‘p qavatli uyning husnini buzib turibdi. Quruvchilar ham uyning hamma yerini chiroyli qilib, o‘sha “ayvoncha”larga tegishmagan. Natijada “ayvoncha”lar husnbuzarga o‘xshab qolgan.
– Bu balkonlarning hammasini asli loyihadagi ko‘rinishga keltirish, o‘zboshimchalik bilan yasab olinganlarini, shuningdek, qo‘shimcha qurilish inshootlarini buzish haqida viloyat va shahar hokimi maxsus qaror chiqargan, bu ishni baribir qilamiz, kerak bo‘lsa, ichki ishlar xodimlarini jalb qilamiz, ammo bu balkonlar ishimizni xunuk ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Albatta, biz uylarning balkonlari bo‘lishiga butunlay qarshi emasmiz, ammo qoidasi bilan bo‘lishini talab qilamiz. Yuring, men sizga balkonlar qoidasi bilan saqlansa, qanday go‘zal ko‘rinishini ko‘rsataman.
Shundan keyin Kimyogarlar qo‘rg‘oniga bordik.
– Bu yerda yashayotgan aholi to‘g‘ri tushundi va balkonlarini buzib, qoidasidagidek ta’mirlab, bo‘yab berganimizdan keyin o‘zlari ham xursand bo‘lishdi. Kimyogarlar qo‘rg‘onida katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Hozir bu yerda ulkan kanalizatsiya quvurlarini yotqizyapmiz. Yaqin kelajakda qo‘rg‘onning kanalizatsiya tizimi eng ideal holatga keltiriladi. Bundan tashqari issiq suv va sovuq suv 24 soat davomida beriladigan bo‘ladi. Qo‘rg‘onning infratuzilmasini yaxshilash, obodonchilik ishlarini amalga oshirishning qat’iy rejasi tuzilgan. Bu yil qo‘rg‘onni shahar bilan bog‘laydigan Narpay ko‘chasida ulkan “buzish-qurish” ishlari amalga oshiriladi. Yo‘l juda kengaytirilib, o‘rtasidan tramvay yo‘li tushadi, yo‘lning ikki chetida ko‘p qavatli turar-joy binolari, zamonaviy do‘konlar, xizmat ko‘rsatish inshootlari, mehmonxonalar quriladi. Ikki-uch yildan so‘ng bu orada qo‘rg‘onga kelmagan odam o‘z tasavvuridagi qo‘rg‘onni topolmaydi.
Kech bo‘ldi. Qosh qoraydi. Ammo Rustam Teshayevichning ishi kamaymas edi. Yordamchisi qabulxonada bir qancha kishilar kutib turishganini aytdi.
Rustam akaning qabuliga kirganlardan ayrimlarining suhbatiga guvoh bo‘ldim.
Bir qancha tumanlardagi uy-joy kommunal xizmat bo‘limi rahbarlari, mutasaddi xodimlar, quruvchilar kelishgan ekan, Rustam aka har birining gaplarini diqqat bilan tinglab, kerakli maslahat va topshiriqlarni berdi. Ayrimlarining muammolarini kerakli rahbarlarga qo‘ng‘iroq qilib, joyida hal qildi.
Rustam Sattorovning hali beri ishi tugamasligini ko‘rib, u kishidan uzr so‘radim:
– Menga ruxsat bersangiz, uyimga borib, taasurotlarim eskirmasdan turib, bir nimalar yozsam.
– Mayli, yaxshi boring, sherigim sizni kuzatib qo‘yadi, – dedi haydovchisini haydovchim emas, sherigim deydigan Rustam Sattorov. – Ammo bizni maqtab yozmang. Yozsangiz, xalqimizni mana shu ulug‘ ishlarda kamarbasta bo‘lishga, shahrimizni obod qilishda o‘z hissalarini qo‘shishlariga da’vat qilib yozing. Mana, yozdim.
Karimberdi To‘ramurod.