Rasul Kusherbayev deputatlarni IIV tomonidan tayyorlangan qonun loyihasiga ovoz bermaslikka chaqirmoqda

Deputat Rasul Kusherbayev o‘z telegram kanalida Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.

“Fuqarolarning orqa eshikka parda taqishlariga hech qanday to‘siq yo‘qligi hatto bir nechta sudlarda isbotini topgan. Shuningdek, biz deputatlar tomonidan bir necha bor chiqishlar qilingan bo‘lsa-da, IIV YHXB mas’ullarining buni “xato, sizlar nima desanglar ham biz haqmiz” qabilida ish qilinishi yurtdoshlarimiz oldida hurmatning susayishiga sabab bo‘lmoqda. Shuncha bilim, tajriba va salohiyatga ega mustaqil sudlarga, xalq vakillariga bunchalik ishonmay, ularni inkor qilishning sababi nimada? Shunga hayronmiz.

Agar IIV YHXB mas’ullari shunchalik haq ekan, unda nima uchun “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi (regulation.gov.uz) qonun loyihasini tayyorlab, ushbu moddadagi haydovchilar avtomobillarining orqa eshiklariga parda taqqanlik uchun javobgar bo‘lishdan ozod qiladigan aynan “haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish”, degan jumlani “tavarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan”, deya, ya’ni “haydovchi o‘rnidan”, degan so‘zni chiqarib tashlashni taklif etmoqda. Bu orqali haydovchilarning avtomobillar orqa eshigiga parda taqish huquqi to‘liq cheklanadi.

Bundan anglashiladiki, IIVning biz haqmiz, degan da’vosi aslida noto‘g‘ri bo‘lib, endi so‘zda sobit turish uchun qaysarlik bilan qonunni o‘zgartirishmoqchi.

Biroq hozir deputatlarimiz ancha faol va odamlarning dardini har qachongidan ko‘ra yaqinroq his qilishadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi barcha sohalar qatori parlament a’zolarining ham xalq bilan qilayotgan yanada yaqin muloqotlari xalqimizni qiynayotgan masalalarni yaqindan his qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu bois deputatlarning qo‘lidan o‘tadigan ushbu loyiha katta umid bilan qabul qilinmay rad etilishiga ishonaman. Shaxsan men tish tirnog‘im bilan bunga qarshiman va barcha hamkasblarimni bunga chaqiraman”, deb yozgan deputat.