Rasul Kusherbayev: Xullas shaxsimga doir ma’lumotlarni berishni istamayman, vassalom...
Shaxsga doir ma’lumotlarni berishni rad qilgan taqdirda, buning sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga ega bo‘lamiz.
Kuni kecha Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqib qabul qildik.
Qonun loyihasiga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi belgilandi. Ushbu organ bir qator vazifalarni amalga oshiradi. Xususan:
Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritadi;
shaxsga doir ma’lumotlar bazasi shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma beradi;
shaxsga doir ma’lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi;
shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida jismoniy va yuridik shaxslar ijro etishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi.
Shaxsga doir ma’lumotlar deganda “jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot” tushunilmoqda.
Qonun kuchga kirishi bilan mulkdor, operator va uchinchi shaxs fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlarini yetarli darajada himoya qilishni bo‘yniga olgan holda va nima uchun foydalanmoqchi ekanligi haqidagi maqsadni oshkor qilib, faqat o‘sha maqsad uchun bunday ma’lumotlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Masalan, sizning pasport olish uchun bergan ma’lumotlaringizni yer olish, kadastr qilish, nikohdan o‘tish, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish, o‘qishga yuborish, diplom berish, guvohnoma tayyorlash kabi ishlarga sizning ruxsatingizsiz foydalanish mumkin emas. Agar shu maqsadda foydalanish zarurati paydo bo‘lsa, albatta, sizga bu haqida ma’lum qilinib, roziligingiz olinishi shart.
Shaxsga doir ma’lumotlarni davlat boshqaruvi organlariga taqdim etish bepul asosda amalga oshiriladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra sub’yekt, ya’ni siz-u biz o‘zimizning shaxsga doir ma’lumotlarimizni taqdim etishni rad qilgan taqdirimizda, rad qilish sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga egamiz. Xullas berishni istamayman, vassalom.