Reja va dasturlar hayotiy bo‘lsa, uni amalga oshirish oson kechadi

Mamlakatimizni 2021 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha bosh rejamiz bor. Mana uchinchi yildirki Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar yil nomidan kelib chiqib qabul qilinayotgan davlat dasturlari va boshqa hujjatlarda o‘z aksini topib, hayotga tatbiq etilmoqda.

Bu dasturlar davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonunchilikni yangilash, sud-huquq tizimidagi islohotlarni jadalashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tinchlik-barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, faol tashqi siyosat olib borish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi farmoni bilan
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

E’tiborli jihati, keyingi yillarda orttirilgan va amalda o‘zini oqlagan tajriba tufayli bu yilgi davlat dasturi loyihasi ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

3-15 yanvar kunlari davom etgan muhokama jarayonida  http://2019.strategy.uz/ saytida  aholi tomonidan loyiha yuzasidan 3650 dan ortiq fikr-mulohaza, takliflar bildirildi. Eng ko‘p munosabat dastur loyihasining to‘rtinchi – ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida (992 ta ) qayd etilgan bo‘lsa, eng kami beshinchi yo‘nalish – xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha (264 ta) bildirildi.

Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, biznes hamjamiyati, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari  ishtirokida davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va munozaralar o‘tkazildi.

Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilganda 253 banddan iborat edi. Muhokama jarayonida tushgan takliflar, bildirilgan mulohazalardan so‘ng dastur yanada takomillashtirildi. Natijada 274 bandni o‘zi ichiga olgan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dastur 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning uchinchi bosqichi hisoblanadi. Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirishning jami xarajatlari 16,9 trillion so‘m va 8,1 milliard AQSh dollari etib belgilandi.

Viloyat hokimi E.Turdimovning 2019 yil 31 yanvardagi qarori bilan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyatda amalga oshiriladigan chora-tadirlar dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dastur 148 banddan iborat bo‘lib, uni amalga oshirish uchun 995,5 milliard so‘m va 475,9 million AQSh dollari yo‘naltirilishi belgilandi. 

Dasturda belgilangan vazifalar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar viloyatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini oshirishga qaratilgan. Ayniqsa, viloyatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalariga xorijiy investitsiyalari keng jalb etish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan.

Bu vazifalar shunchaki kabinetda o‘tirib, qog‘oz to‘ldirish uchun ishlab chiqilmagan, balki rahbarlar, sektorlar mutasaddilari, hokimlik va boshqa davlat organlariga aholining murojaatlari, xonadonma-xonadon yurish chog‘ida aniqlangan muammolar, tuman, shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib kiritilgan.

Aslida ham har bir reja, dastur ishlab chiqilar ekan, u kichik bir korxona, muassasa, tashkilot doirasida bo‘ladimi yoki mamlakat miqyosidami, avvalo qaysi maqsadga qaratilgani, natijasi qanday bo‘lishi e’tiborga olinishi lozim. Uni tayyorlashda hamma ishtirok etishi, o‘z taklifini bildirgani ma’qul. Chunki, har birimiz qayerda, qaysi vazifada ishlamaylik avvalo ish joyimiz, yashab turgan mahallamizning ertangi kuni, kelajagi haqida o‘ylaymiz, bunga o‘zimizni daxldor deb bilamiz. Shu sababli ba’zan oshkora, ba’zida ich-ichimizda “mana bu ishni qilsak, bunday natijaga erishamiz, bu yo‘limiz to‘g‘ri, bunisi noto‘g‘ri” deb fikr bildiramiz, takliflarimizni aytamiz. Ayni paytda mana shu daxldorlik hissini mamlakat miqyosida anglab, o‘z fikrimizni, taklifimizni bayon etish so‘ralmoqda. Va bu o‘z samarasini ham bermoqda.

Muhim davlat dasturlari, hatto qonunlarning faqat ma’lum bir doiradagi insonlar, rahbarlarning fikri asosida emas, avvalo xalqning fikri inobatga olinib qabul qilinayotgani, bu hujjatlarning hayotiyligini ta’minlamoqda. Bu esa o‘z navbatida ularning ijro etish mexanizmlarini ham soddalashtirmoqda. Endigi gap ana shu ijro jarayonida ham keng jamoatchilikning ishtirok etishida, belgilangan vazifaning bajarilishidan barchamizning manfaatdorligimizni anglashimizda.

G‘olib HASANOV.