Respublika fan olimpiadalariga oid Prezident qarori qabul qilindi: kimlar test sinovisiz OTMga qabul qilinadi?
Shavkat Mirziyoyev «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra:
- Xalq ta’limi vazirligida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etiladi;
- endilikda faqat xalqaro olimpiadalar g‘oliblari OTMlarga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi. Aynan bunday imtiyoz beradigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati tasdiqlandi;
- respublika miqyosida o‘tkaziladigan asosiy fan olimpiadalari g‘oliblarini imtihonsiz OTMga qabul qilish tizimi bekor qilinadi. Endilikda asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha OTMlarga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;
- xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;
2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;
3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravari;
- asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari EKIHning quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun – 50 baravari;
2-o‘rin uchun – 35 baravari;
3-o‘rin uchun – 30 baravari;
- xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi;
- ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:
xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;
asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi;
- oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi;
- 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 4-11 sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun har chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantiriladi;
- o‘quvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq, shu jumladan, sutkalik, yashash va transport xarajatlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
- olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilib, Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi;
- olimpiadalar ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilishi, natijalari ular o‘tkazilgan kunning o‘zida e’lon qilinadi;
- barcha bosqichdagi olimpiada natijalari, shu jumladan, ishtirokchilar to‘g‘risida ma’lumot, ularning yozma ishlari to‘liq axborot tizimiga kiritiladi va XTV veb-saytida e’lon qilinadi.
Ajoyib, juda ajoyib! Izohga hojat yo‘q, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.