Rossiya Federatsiyasi fond bozori so‘nggi 8 yil ichida rekord darajada quladi
Kecha, 21 fevral kuni Rossiya fond bozori Rossiyaning Ukrainaga yaqinlashib kelayotgan bosqinidan xavotirlar kuchayishi fonida so‘nggi sakkiz yildagi eng tez sur’atda quladi.
Moskva birjasining rubl indeksi 10,5 foizga pasayib, 3036,88 punktni tashkil etdi. Bu Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini anneksiya qilgan 2014 yil martidan buyon foizlarda bir kunlik eng katta pasayish bo‘ldi. Savdo mobaynidagi indikator pasayishi 14% dan oshdi, bu ham 2008 yil noyabr oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
RST (Rossiya savdo tizimi) dollar indeksi asosiy sessiya natijalariga ko‘ra 13,2% yo‘qotib, 1207,5 punktgacha tushib ketdi. Kun davomida u 17% dan pasaydi, bu ham 2008 yil oktyabr oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘zgaruvchan savdolar vaqtida Ukraina grivnasi ham, Rossiya rubli ham arzonlashdi.
O‘zini DXR va LXR deb e’lon qilgan tashkilotlar rahbarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ularning mustaqilligini tan olishni so‘rab murojaat qilgani va Rossiya tomonidan tan olinganidan so‘ng fond indekslarining tushishi tezlashdi.
"Qurolli to‘qnashuv yuz bergan taqdirda, Rossiya aktivlari hozirgidan ancha arzonlashadi", deya TD Securities portfel strategiyasi rahbari Kristian Madjio qilgan bashoratidan Bloomberg iqtibos keltiradi.
Agentlikning qayd etishicha, DXR va LXR mustaqilligini tan olinishi Yevropa vositachiligidagi tinchlik muzokaralarining buzilishi va G‘arb bilan munosabatlardagi keskinlikni yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.