Rossiya Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudni tan olmasligini bildirdi
Xalqaro jinoiy sud Ukrainadagi urush yuzasidan Rossiyaga qarshi ikkita harbiy jinoyat ishini ochishni rejalashtirmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya bu sudning yurisdiksiyasini tan olmasligini aytdi.
"Rossiya Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmaydi", dedi 14 mart kuni Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya tomoniga qarshi ehtimoliy ish yuzasidan izoh berar ekan.
The New York Times gazetasining kecha xabar berishicha, Gaagadagi sud Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq ikkita harbiy jinoyat ishini ochmoqchi va bir necha kishini hibsga olish uchun order berishni so‘raydi.
Xabarda aytilishicha, holatlardan biri ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash va ularni Rossiyaning «qayta tarbiyalash» lagerlariga majburan o‘tkazish bilan bog‘liq. Ikkinchisi - Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasiga ataylab zarba berish. Bu Ukrainadagi gumon qilinayotgan jinoyatlar uchun rossiyalik amaldorlarni xalqaro sud oldida javobgarlikka tortishga birinchi urinish bo‘lishi mumkin.
Aynan kimga ayblov qo‘yilishi noma’lumligicha qolmoqda. Ba’zi ekspertlar prezident Putinning o‘zi ayblanuvchi bo‘lishi mumkinligini aytishgan, chunki XJS urush jinoyatlari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha davlat rahbarining daxlsizligini tan olmaydi.
Rossiya Rim statutining ishtirokchisi emas
Federatsiya Kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachev ham bir kun oldin «XJSda Rossiya ustidan yurisdiksiya yo‘qligi» ni ta’kidlagan. «2016 yildan beri Rossiya 1998 yilgi Rim statusiga a’zo bo‘lmagan, ya’ni XJS mamlakatimiz ustidan yurisdiksiyaga ega emas», — deb yozgan senator o‘zining telegramdagi kanalida.
Kosachev, shuningdek, XJS hozircha Donbas hududlariga qarshi «Ukraina rasmiylarining jinoyatlari»ga huquqiy baho bermaganiga e’tibor qaratgan va Gaagadagi sud «tanlab adolat qilish» bilan shug‘ullanganini qo‘shimcha qilgan.