Rossiyalik mehmonlar Samarqandni ziyorat qildi

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiya 8 mart kuni Samarqandga keldi.

Samarqand temiryo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.

Delegatsiya a’zolari Samarqand bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasidan boshladi. Bu yerda buyuk jahongirning davlatchilik siyosati, shavkatli yurishlari hamda ilm-fan, madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni, bir necha din vakillari ziyorat qiladigan Xo‘jaDoniyor majmuasi va boshqa tarixiy obidalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Maksim Oreshkin Samarqand dunyoning eng qadimiy va go‘zal shaharlaridan biri ekanligini ta’kidlab, bu yerda ajdodlardan meros tarixiy-madaniy obidalarni asrab-avaylash, keyingi yillarda shaharda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

B.MUSTANOV.