Rus tiliga qarshi emas, o‘zbek tili uchun kurashish payti keldi
Noshir Sanjar Nazar jamiyatda qizg‘in muhokama etilayotgan til masalasida urg‘uni to‘g‘ri berishni taklif qilayapti. Uning fikricha, rus tiliga qarshi emas, o‘zbek tili uchun kurashish payti keldi. Minbar quyida uning fikrini to‘liq keltiradi.
-Odamning (barcha hayvonotning ham) vujudini jon tark etgach, tana o‘z-o‘zidan "yemirilishni" boshlaydi. Bir-ikki oyda butkul tamom bo‘lib, tanib bo‘lmas holga keladi. Millat uchun til ana shu jon o‘rnidadir. Til – millatning ruhi va jonidir. Tilsiz millat yemirilishga mahkum.
Rus tili davlat tili maqomi berilmasdanoq ustuvor mavqega ega bo‘lib turgan, de-fakto davlat tili bo‘lib turgan bir paytda unga shunday maqomning berilishi o‘zbek tilining jonjoyiga urilgan xanjar bo‘ladi. Men rus tiliga qarshi emasman. Uning chet tili sifatida keng o‘rganilishiga ham neytral munosabatdaman.
Chunki Zafar Hoshimov yozganidek: “Rus tilining dunyo madaniyati, adabiyoti, ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasini kamsitmagan holda aytishim mumkinki, dunyo taraqqiyotining zamonaviy bosqichida rus tilida salmoqli manbalar hamda asarlar yaratilmoqda deb bo‘lmaydi.
– aniq fanlarda rus tilida atigi 2 foizdan kamroq,
– gumanitar fanlarda esa 1 foizdan kamroq yangi ilmiy ishlar chop etilmoqda;
– dunyo bo‘ylab ayni damda 5 foizdan ortiq bo‘lmagan ilmiy va publitsistik ishlar rus tiliga tarjima qilinmoqda.
Agar adabiyotga to‘xtaladigan bo‘lsak, rus tilida nashr qilinayotgan adabiyotlar, masalan, ingliz tilidagilardan ming marta kamroq”.
Bizning bugun uyg‘ongandek bo‘lib ko‘rinayotgan milliy hamiyat va orimiz navbatdagi “qora malibu” mavzusiga yetar-yetmas qaytadan uxlab qolmasligi kerak.
Bugun xoslarimiz bolalarini rus sinflari, maktablarida o‘qitayapti.
Ularni ayblash bilan emas, o‘zbek maktablarining saviyasini ko‘tarish bilan shug‘ullanishimiz kerak. Chunki odam qaysi tilda fikrlasa o‘sha millatga mansubdir.
Hali jahon mumtoz adabiyotining yuzdan biri o‘zbek tiliga o‘girilmagan (o‘girilganlarining ahvoli ham quvonarli emas). Dolzarb zamonaviy adabiyot haqida orzu ham qilmayapmiz.
Ilmiy yo‘nalishdagi asarlar umuman tarjima qilinmayapti (ayrim yo‘nalishlarda dissertatsiya sifatida tarjima qilinayotganlari hisob emas).
Bundan 1 oy oldin ham shu yerda til, alifbo haqida yozgan odamni tezak yoqayotgan xalq haqidagi misol bilan urib yiqitayotgan biz edik. Bugun “tilim” deb ko‘ksiga urayotgan birisining 200 betlik kitobi 2000 dan oshiq xato bilan chop qilingandi – bu tilni ichdan yemirish edi. O‘zbek tilidagi ayrim ko‘rsatuvlarda har bir jumlada kamida ikkitadan ruscha so‘z ishlatganlarga befarq edik – bu tilni ichdan yemirish edi.
Agar shunday munosabat davom etsa oradan yana 27 yillar o‘tib kalendarimizda “buyuk og‘amiz bilan qayta qovushgan kunimiz” degan qizil sana paydo bo‘lish ehtimoli juda yuqori.
Bu xavotir kuni kecha olis viloyatdagi tumanda ochilgan kichik do‘konning tepasiga “mi otkrilis” degan e’lon ilinganda yana bir quvvat oldi. Axir o‘sha tumanda 0,01 foiz ham rus tilida gaplashadigan odam yo‘q, e’lonning mazmunini ham nari borsa 15-20 foiz odam, ularning ham ko‘pchiligi tusmollab tushunadi.
Rus tiliga qarshi kurashish emas, o‘zbek tili uchun kurashish payti keldi. Allaqachonlar kelgan edi.