Samarali jamoatchilik nazorati yuritiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaati mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy islohotlarni amalga oshirishdagi muhim vazifalar belgilab berilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrda e’lon qilingan birinchi murojaatnomasi mamlakatimiz tarixida ulkan yangilik sifatida baholangan bo‘lsa, bu yilgi murojaatnoma uning uzviy davomi sifatida xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi.
Prezidentimiz 2019 yilni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilib, kelgusi yilda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda investitsiyalarni faol jalb etish, ijtimoiy sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifa va maqsadlarni belgilab berdi. Bu vazifalarni bajarishda davlat organlari bilan birga fuqarolik jamiyati institutlari ham ishtirok etishlari lozim.
Xorijiy investorlarni mamlakatga jalb qilishda ular uchun qulay tadbirkorlik muhitini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub’yektlarining eksport salohiyatini oshirish, soliq va bojxona tizimida ular uchun qulayliklar yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, murojaatnomada halol, soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash davlatning ustuvor vazifasi sifatida baholandi.
Prezidentimiz ma’ruzasida iqtisodiyotni boshqarishda davlat aralashuvini keskin kamaytirish lozimligi ta’kidlandi. Masalan, bugungi kunda mamlakatimizda 603 ta aksiyadorlik kompaniyasi faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, shundan 486 tasida davlat ulushi bor. Yoqilg‘i-energetika, neft-gaz, kimyo, transport va bank sohalarida ham davlat ishtiroki yuqori darajada saqlanib qolayotgani ularni rivojlantirish, ushbu sohalarga investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Xalq bilan muloqot, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, aholining muammolarini o‘rganish borasidagi faoliyati yanada takomillashishi joylarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkoniyatini beradi.
Bosh vazirdan tashqari, Vazirlar Mahkamasi a’zolarini ham Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy qilinishi, ayni paytda mahalliy kengashlar viloyat va tuman idoralari rahbarlarini ham tasdiqlash xuddi shunday tartibda yo‘lga qo‘yilishi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga, davlat organlarining xalq vakillari va fuqarolar bilan konstruktiv muloqotiga zamin yaratadi.
Bugungi kunda mahalliy kengashlarga hokimlarning raislik qilishi vakillik organlarining nazorat funksiyasiga ma’lum ma’noda ta’sir o‘tkazmoqda. Ushbu amaliyotning bekor qilinishi mahalliy kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalarning jamiyatimizdagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu murojaatnoma davlatimiz taraqqiyotiga, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Fotex RAHMATOV,
fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari.