Samarqand aeroportida 4 million so‘mga yaqin sifati kafolatlanmagan atir mahsulotlari ushlab qolindi

Bojxonachilar tomonidan sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni yurtimizga yashirin yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan urinishlarga o‘z vaqtida chek qo‘yilmoqda.

Xususan, Samarqand xalqaro aeroportiga “Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro N.S. “yashil yo‘lak” orqali harakatlanar ekan, bojxonachilar e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng ushbu shaxsga tegishli bagaj sumkasi belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida tekshirildi. Natijada sumka ichidan umumiy qiymati 2 million so‘mga yaqin atir mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, bojxonachilar o‘sha kuni “Istanbul-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelib, “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotgan fuqaro Sh.M.ga tegishli bagaj sumkasida umumiy qiymati 2 100 000 so‘mlik atir mahsulotlari borligini aniqlab, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yishdi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxonachilar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, dastlabki bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegaralari orqali 3 donadan ko‘p bo‘lmagan atir va ifor taratuvchi suvlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish belgilangan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.