Samarqand aeroportida “yuk saqlash xonasi”ning yo‘qligi sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘ldi

Samarqand kuniga yuz minglab sayyohlar tashrif buyuradigan maskan. Avvalo, ular yurtimiz haqidagi ilk taassurotga aeroportda ega bo‘lishadi. Ularga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida 2018 yil 1 yanvardan boshlab respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy etilib, bojxona nazoratidan kesib o‘tish jarayoni soddalashtirildi.

Ikki yo‘lakli tizim joriy etishdan oldin O‘zbekiston Respublikasiga Samarqand aeroporti orqali kirib kelishda 1 ta reysda uchib kelgan yo‘lovchilarga (150-190 kishi) bagajlarini qabul qilib, chegara va bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatdan ko‘p vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda ushbu jarayon 30-45 daqiqagacha bo‘lgan vaqtda amalga oshirilmoqda.  

Xo‘sh, yaratilgan bu imkoniyatlar sayyohlarga ma’qul tushyaptimi? Bu borada ularda qanday takliflar bor? Samarqand xalqaro aeroportida viloyat bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash borasida tashkil etilgan kichik tadqiqotda shu savollarga javob izladik, sayyohlar fikri va takliflarini o‘rgandik.

 Marko BALIERI, Italiya:

- Samarqand deyarli mening Vatanimga aylandi. O‘zbekistonga ilk bor 2013 yilda UzCharmExro xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun kelgan edim. O‘sha paytdan buyon bu diyorga mehrim oshib, tadbirkorlik faoliyatimni yurgizib kelmoqdaman. Men Italiyadan Samarqandga poliuretan sotishda yangi hamkorlar topdim. Har yili 50 tonnadan ziyod kimyoviy, plastik mahsulotlarni to‘qimachilik va poyafzallarni ishlab chiqarish uchun import qilamiz.

Bir necha yil oldin, Toshkent xalqaro aeroportida pasport nazoratidan o‘tishda hamda bagaj yuklarimni olishda qiyinchiliklarga duch kelganman. O‘tgan yili O‘zbekiston Hukumatining tashabbusi bilan yurtingizga tashrif buyuradigan Italiya davlati fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi. Natijada biz tadbirkorlar va sayyohlarga katta imkoniyat berilib, mamlakatingizga turistlarning kirib kelishi jarayonini soddalashtirdi. Shuningdek, aeroportda “yashil” va “qizil” yo‘laklarni joriy etilishi  yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan sifatli va qisqa muddatda o‘tishiga xizmat qiladi. O‘zim bojxona nazoratidan besh daqiqa ichida o‘tdim. Bu juda ham qulay.

Hesin MONIKA, Germaniya:

- O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tezda bojxona nazoratidan o‘tdim. Samarqand meni madaniyati va arxitektura yodgorliklari bilan hayratga soldi. Bu shahardan juda ko‘p taassurotlar olaman deb o‘ylamagan edim. O‘zbek xalqining milliy taomlari mazali, ham arzon ekan. Biroq ba’zi bir kamchiliklar ham duch keldik. Tarixiy yodgorliklarga kirishda xorijlik sayyohlar bilan mahalliy aholi uchun chipta narxi farq qilarkan. Taksi xizmatidan foydalanishda ham xuddi shunday jarayon. Shahringizda bankomatlarning kamligi va borlarining ham ishlamasligiga guvoh bo‘ldik. Shu bilan birga bepul “WiFi” zonalari va telefon butkalari ko‘proq bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tim Blisset va Meggiy Buyuk Britaniya (er-xotinlar):

- O‘zbekiston bizlarga juda yoqdi. Ayniqsa, Shahrisabzning tandir, palov va kabob kabi tansiq taomlari, Samarqandning Registon maydonining tungi chiroqlar og‘ushidagi manzarasi bizni hayratlantirdi. O‘zbekistonliklar juda mehmondo‘st xalq ekan. Biz AQSh, BAA, Turkiya, Fransiya, Germaniya va Yevropaning ko‘plab boshqa mamlakatlarida bo‘lganmiz. Barcha mamlakatlarda chegara bojxona o‘tkazish hududlarida nazorat o‘rnatilgan va deklaratsiyalashda fuqarolarga qulayliklar yaratishga e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonga qilgan qisqa sayohatimiz davomida ham aynan shu narsaga guvoh bo‘ldik. Angliyadan Turkiyaga, Turkiya orqali Samarqandga keldik. Bojxona nazoratidan o‘tishga besh yoki o‘n daqiqa vaqt sarfladik. Yurtingizda jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirish va olib chiqishga o‘rnatilgan me’yorlar biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Ya’ni, biz “yashil” yo‘lak orqali yozma deklaratsiya to‘ldirmasdan  bojxona nazoratidan o‘tish huquqiga ega bo‘lganimizdan xursandmiz.

Natalya IVANOVA, Rossiya:

- Erta tongda, oilamiz bilan birgalikda shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rish uchun Buxorodan Samarqandga keldik. Bu O‘zbekistonga ilk tashrifimiz. Bojxonachilar qo‘l va bagaj yuklarni tezlik bilan tekshirishdi. Bu, albatta, yaxshi va qulay. Uzoq muddatga navbat kutib qolmaysiz. Samarqandga kelganimizda, shaharni tomosha qilish uchun yuklarimizni aeroportdagi “yuk saqlash xonasi”ga topshirmoqchi edik. Biroq aeroportda “yuk saqlash xonasi” mavjud emasligini qo‘riqlash xizmati ta’kidladi. Kun bo‘yi yukimizni sudrab, shahar aylandik.

Husen HOJIPUR, Eron:

- O‘zim tadbirkorman. Quruq mevalar eksporti bilan shug‘ullanaman. Yurtingizga uch yil oldin kelgandim. Qozog‘iston davlatida o‘tkazilgan ko‘rgazma yarmarka savdosida sizning diyoringizdagi mahsulotlarning mazasi va sifati meni o‘ziga jalb etgandi. Shundan buyon bu yerdan quritilgan meva mahsulotlarini BAA, Iroq, Eron va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilib kelaman. Mamlakatingizda tovarlarni eksport qilishda hech qanday to‘siq yo‘q. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar bundan samarali foydalanishmoqda. Eron aeroportida bitta yo‘lak mavjud. Undan hamma yo‘lovchilar harakatlanishadi. Sizda esa ikki yo‘lakli tizim. Bu juda qulay. Ortiqcha vaqt sarflamaysiz.

Biz sayyohlar bilan suhbat qurib, viloyatimizda turizm sohasida mavjud ba’zi bir kamchiliklarni bilib oldik. Maqsad bitta. Xato va kamchiliklarni ko‘rsatish emas, aksincha, uchrayotgan muammolarni bartaraf etib, xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirish bilan mamlakat byudjetiga salmoqli hissa qo‘shishdir.

Zamira BOLTAYeVA suhbatlashdi.