Samarqand baliqchilik bo‘yicha Ispaniya bilan hamkorlik qiladi

Samarqand viloyati hokimligida Ispaniyaning NIKAMI PTE LTD kompaniyasi rahbari Norberto Karina bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Ispaniyaning dunyoga mashhur mazkur kompaniyasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan bo‘lib, issiqxona, baliqchilik va tomchilatib sug‘orish kabi faoliyat yo‘nalishlari bilan shug‘ullanadi. Dunyoning turli mamlakatlarida mazkur firma bilan hamkorlikda korxonalar tashkil etilgan.

Uchrashuvda janob Norberto Karina kompaniya faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, Samarqand uchun taklif etilayotgan investitsion loyihalarga to‘xtaldi.

Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari O.Xodjayev viloyatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar haqida so‘z yuritdi va ispaniyalik tadbirkorlar bilan hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini qayd etdi.

Tadbirda Samarqand viloyatida NIKAMI PTE LTD kompaniyasi bilan zamonaviy texnologiyalar asosida issiqxonalar tashkil etish, qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish hamda baliqchilik sohasida xamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Samarqandga tashrif davomida ispaniyalik mehmonlar Samarqand tumanidagi “Oq Amur baliqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.