Samarqand bojxonachilari tomonidan amalga oshirilgan eksport-import operatsiyalarining tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 220,7 million dollarga yetdi
Koronavirus pandemiyasi davrida bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida imtyozlar va bir qator qulayliklar berildi. Jumladan, eksport-import operatsiyalari tezkorlik bilan soddalashtirildi.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan eksport-import operatsiyalarining tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 220,7 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulush Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yaponiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Tovarlarni xorijga eksport qilish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.
Viloyatda 591 ta korxona tomonidan 277,3 million AQSh dollari qiymatiga ega tovarlar eksport qilindi.
Jumladan:
- meva-sabzavot mahsulotlari — 111,4 million dollar;
- to‘qimachilik mahsulotlari — 64,9 million dollar;
- oziq-ovqat mahsulotlari — 20,5 million dollar;
- kalava ip — 17,0 million dollar;
- transport va uning ehtiyot qismlari — 17,0 million dollar;
- boshqa mahsulotlar — 26,5 million dollarlik eksportga rasmiylashtirildi.
Viloyatga 71 ta davlatdan umumiy qiymati 943,4 million AQSh dollariga teng tovarlar import qilingan. Import qilingan mahsulotlar orasida esa eng katta ulush texnologik asbob-uskunalar, transport va uning ehtiyot qismlari, metall va undan tayyorlangan buyumlar, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga nafaqat eksportda, balki tovarlarni import qilishda ham bojxona sohasida bir qator imtiyozlar nazarda tutilgan.
O‘tgan davr mobaynida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona rasmiylashtiruvida jami 1 trillion 546,2 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilgan.
Bundan tashqari, pandemiya sharoitida tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 85 nafar tadbirkorlik sub’yektlariga 225,9 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi. Import qilingan tovarlardan 1 trillion 052 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilgan.
Bugungi kunda bojxona sohasida qo‘llanilayotgan 56 ta axborot tizimi va 28 ta interaktiv xizmat mavjud. Bojxona organlarida “Xavfni boshqarish” tizimining joriy etilishi natijasida bugungi kunda qonunga rioya qiladigan tadbirkorlarning eksport va importga yo‘naltirilayotgan mahsulotlari tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini xavf darajasiga qarab toifalarga ajratilishi natijasida bojxona ko‘riklari soni 1,4 barobarga kamayib, samaradorligi 1,5 barobarga oshdi.
Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda 1,4 barobarga qisqardi. Hozirgi kunda 70 foizga yaqin tovarlar soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.
Masalan, bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik ro‘yxatga olish va avtomatik taqsimlash joriy etildi. Ushbu jarayonga ilgari 2-3 soat vaqt ketgan bo‘lsa, hozir 1-2 daqiqa sarflanmoqda. Asosiysi, bu korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sohadagi yana bir yangiliklardan biri “Xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida 2020 yil 1 noyabrdan ishga tushirildi.
Chegara bojxona postlarida xavflarni boshqarish tizimining joriy etilishi, yuklarning qisqa fursatlarda ortiqcha tekshiruvlarsiz harakatlanishiga va tadbirkorlarning vaqtini va mablag‘ining tejalishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bojxonachilari tomonidan “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan tadbirlar davomida 478 ta huquqbuzarlik holatlari fosh etilib, natijada 4 milliard 314 million so‘mlik tovarlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jami 6 milliard 395,2 million so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblanib, undirishga qaratildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 24 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborilgan bo‘lsa, 433 tasi bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy ishlar yuritilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 16 ta bojxona qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 168 million so‘mlik 505 ming dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qolingan.
2021 yildan boshlab bojxona sohasida bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 814-son qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlarida “yashil” va “qizil” ikki yo‘lakli tizim kuchga kiradi.
Bu esa avtomobil va temir yo‘l chegara bojxona postlari orqali fuqarolarni tezkorlik bilan bojxona tartib-taomillaridan o‘tkazish imkoniyatini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 700-son qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
- bojxona yig‘imlari stavkalari qat’iy belgilanib, bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqadi;
- ruxsat etuvchi xususiyatdagi hujjatlarni berish bilan bog‘liq ayrim turdagi bojxona yig‘imlari bekor qilinadi;
- tovarlarni «bojxona hududida qayta ishlash» va «bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash» bojxona rejimlarida rasmiylashtirganlik uchun bojxona yig‘imi stavkalari pasaytiriladi.
Shuningdek, bojxona organlari tomonidan tovarlarni TIF TN kodi bilan tasniflash yuzasidan dastlabki qaror qabul qilinganlik uchun bojxona yig‘imi miqdori keskin kamaytirildi. Oldin 50 yevro miqdorida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda, bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi, ya’ni 167.250 so‘m qilib belgilangan.
Import qilingan tovarlarning TIF TN kodida tadbirkorlarimizda shubha bo‘lsa, bojxona organlariga murojaat qilib, bu yuzasidan tovarning haqiqiy TIF TN kodini bilib olish imkonini berib, turli xil huquqbuzarliklar sodir etilishining oldi olingan bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, viloyat bojxona boshqarmasida (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” tizimi 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda. Agar sohaga oid savollaringiz bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Jasurbek FAYZULLAYeV,
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona xizmati podpolkovnigi.