Samarqand davlat universiteti talabalari Yaponiyada o‘qiydi
O‘zbekiston – Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III konferensiyasiga kelgan Yaponiya delegatsiyasi 9 iyul kuni Samarqandda bo‘ldi.
Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri o‘rinbosari, Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputati Xiroyuki Nakamura boshchiligidagi mehmonlar dastlab Samarqand davlat universitetining Xalqaro ta’lim dasturlari markazi bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan markazda Xitoy, Hindiston, Isroil, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va Yevropa ittifoqi universitetlari ta’lim dasturlari joriy qilinishi, dasturdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida mehmonlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Samarqand davlat universiteti hamda Yaponiyaning SOKA va Kogakuin universitetlari o‘rtasida qo‘shdiplom ta’lim dasturi bo‘yicha bitimlar imzolandi.
– Bugungi kunda Yaponiyaning o‘nga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilamiz, – deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Muxtor Nosirov. – Endilikda ularning qatoriga Soka va Kogakuin universitetlari ham qo‘shildi. Imzolagan bitimga ko‘ra, universitetimizning bakalavr ta’lim yo‘nalishlari talabalari dastlabki 2 yilni o‘zimizda, keyingi 2 yilni Yaponiya universitetlarida o‘qishlari mumkin. Xuddi shunday magistrlarimiz ham bir yil o‘zimizda, bir yil kun chiqar yurtda ta’lim olishadi. Bundan tashqari, yaponiyalik professor-o‘qituvchilarning universitetimiz talabalariga saboq berishi ko‘zda tutilgan. Ular mazkur jarayon davomida o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib borishadi.
Uchrashuvda yaponiyaliklar olimlar Samarqand davlat universitetida tarix, arxeologiya, manbashunoslik, xorijiy tillar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirishga oid dasturlarga taklif etildi.
– Samarqand davlat universiteti bilan tanishib, shunga amin bo‘ldikki, muassasaning ilmiy salohiyati, bu yerda o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi, – deydi Soka universiteti prezidenti Yoshihisa Baba. – Shuning uchun ham biz universitet bilan qo‘shdiplom ta’lim dasturi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildik. Ushbu bitim asosida universitet talabalari ta’limning yarmini Yaponiyada davom ettiradi. Bizning professor-o‘qituvchilarimiz bu yerda dars beradi va o‘z tadqiqotlarini olib borishadi. Keyinchalik yaponiyalik talabalarning ham Samarqandda o‘qishini tashkil etish rejamizda bor.