O‘qitish samarasizmi yoxud yoshlar uquvsiz? Samarqand davlat universitetida joriy o‘quv yili davomida 1600 talaba o‘qishdan chetlatilgan
Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.
Bugun universitetda kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 14850 nafar, sirtqi va kechki ta’lim yo‘nalishlarida 10 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetda masofaviy ta’limning yangi uslubi joriy etilgan bo‘lib, hozirda talabalarga 67 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar onlayn dars o‘tmoqda.
- Faqat bizning universitetda talabalar bilimini baholash bo‘limi bo‘lib, unda barcha ta’lim yo‘nalishlaridagi talabalar an’anaviy tarzda imtihon topshiradi, - dedi universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev. – Dars o‘tgan professor-o‘qituvchi imtihonga aralashmaydi, talabalar bilimini baholash bo‘limi oladi. Rostini aytish kerak, imtihonlardan 60 foiz talaba o‘tadi, qolgan 40 foizi yiqiladi.
“Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 2022 yilda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, mazkur hujjat loyihasiga ko‘ra, 2022 yil may oyiga qadar oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish belgilangan.
Matbuot anjumanida Samarqand davlat universiteti rahbariyati masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari ajratilsa, talabalarga masofadan dars bera olish imkoniyati borligini bildirdi. Ammo, masofaviy ta’lim shakli o‘zini qanchalik oqlaydi? Yoki respublika miqyosida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv binolarining yetishmayotgani sabab masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari evaziga qamrov darajasini ko‘tarish maqsad qilinyaptimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.