Samarqand-Jakarta aviareysi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Qatnov haftada ikki marta bo‘lishi rejalashtirilmoqda

Bu borada Indoneziya kompaniyasi bilan kelishuv imzolanganini viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev viloyat Kengashi sessiyasida aytib o‘tdi.

Tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili 148 million sayyoh ziyorat maqsadida safarga chiqadi. 2021 yil davomida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat qayta murakkablashmagan taqdirda viloyatga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar sonini 210 mingga yetkazish imkoniyati mavjud.

Xususan, Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Malayziya kabi davlatlardan Imom Buxoriy merosiga qiziquvchi 100 mingdan ortiq;

Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlardan Abu Mansur Moturidiy merosiga qiziquvchi 26 mingdan ortiq;

Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Tatariston va Checheniston kabi davlatlardan Xo‘ja Ahror Valiy va Mahdumi A’zam izdoshlari bo‘lgan 43 ming;

Isroil, AQSh, Fransiya va Rossiyadan Xo‘ja Doniyor hamda yahudiylar dini merosiga talabgor 40 mingdan ortiq ziyoratchini jalb qilish imkoniyati mavjud.

Bu borada Indoneziyaning yirik ASITA, SAPUHI turizm assotsiatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali Samarqandga har haftada 2 ta aviareys tashkil etish rejalashtirilgan. Shu orqali 300 nafardan 500 nafargacha sayyohni Samarqandga olib kelish, bu yerda ular uchun 2 kunlik ziyorat turlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

"Jakarta-Samarqand-Jakarta" charter avia-reysini tashkil etish bo‘yicha “Uzbekistan Airways” bilan kelishuvlar olib borilmoqda.