Samarqand jamoat transportida qanday o‘zgarishlar bor?

Viloyat Matbuot uyida Prezidentimizning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning viloyatimizda bajarilishi hamda aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ta’kidlandiki, 2023-2024 yillarda “Maroqand trans 777” MChJ va “Dilshod trans servis” MChJlar tomonidan, Xitoyda ishlab chiqarilgan 115 ta “King-Long”, “Aziya-Star” va “CRRC” rusumli avtobuslar keltirilib, yangi avtobus yo‘nalishlarga joylashtirilgan. Bugun 472 ta jamoat transporti 337 tasi Samarqand shahrida aholiga xizmat qilmoqda. Biroq, bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 47 foiz bo‘lib, azim shahar aholisi uchun yetarli emas. Shuningdek, Nurobod, Oqdaryo, Toyloq tumanlarida birorta ham yo‘lovchi tashish avtobuslari qo‘yilmagan.

-  Oqdaryo, Ishtixon, Qo‘shrabot va Payariq tumanlaridan qatnovchi yo‘lovchilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqand shahrining Dahbed ko‘chasiga kirib kelishi mazkur hududda ancha tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda, - deydi  viloyat transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mahmud Uzoqov. - Shu sababli Motrid qo‘rg‘onidagi aylanma yo‘l yonida avtoboshbekat qurish uchun 2,5 gektar yer maydoni ajratib berildi. Qurilish olib borish uchun “Urgut avto center” MChJ tenderda g‘olib bo‘ldi. Mazkur avtoshohbekat joriy yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Shuningdek, Samarqand halqa avtomobil yo‘lining Qarshi aylanma yo‘li hududida ham tadbirkorlarimizdan biri tenderda g‘olib bo‘lib, yangi zamonaviy avtostansiya loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlamoqda. 2,5 gektar yer maydonidagi qurish ishlari 2 oy ichida boshlanishi rejalashtirilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.