Samarqand ko‘rkamlashyapti, bunda sizning hissangiz ham bormi?

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi ko‘hna zaminimiz ham hozirgi kunda chinakam bunyodkorlik maydoniga aylangan. Shaharu qishloqlar, mahallayu guzarlar - hamma joyda qurilish, yaratish, obodonchilik davom etmoqda.

Xususan, ShHT sammiti bahonasida Samarqand shahrida zamonaviy shaharcha barpo etildi. Shuning barobarida Farhod, Kimyogarlar, So‘lim shaharchalari ham kengayib, zamonaviy tus oldi. Dunyo havas qilib, ziyoratga keluvchilar soni ko‘paydi. Bu yaxshi, albatta, lekin masalaning ikkinchi tomoni bor.

Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining aksariyatiga davlat va xorijiy sarmoyadorlar mablag‘i sarflanyapti, ishchi o‘rinlari yaratilyapti, tadbirkorligimizni bajarishga imkon berilyapti. Xo‘sh, biz, samarqandliklar bunga qanday javob beryapmiz?

Ochig‘i, ayrim ko‘chalardan o‘tganimda ko‘chadagi ariq ustiga nimadir qurib olgan, suv yo‘liga hovli chiqindisini boshqarib qo‘ygan, uyining oldini saranjomlab qo‘ymagan hamshaharlarimizni ko‘rib, hafsalam pir bo‘ladi. Ustiga-ustak, ta’mirlash uchun biror yo‘l vaqtincha yopilsa, g‘iybat qiluvchilar paydo bo‘ladi. Vaholanki, nafaqat kunduzi, hatto kechalari ham Samarqand shahri jannatmakon tus olyapti.

Men akademik-shoir Maqsud Shayxzodaning quyidagi to‘rt misrasi biz uchun bugun hayotiy shiorga aylanmog‘i lozim deb hisoblayman:

Samarqandlik deyildimi, ahdga vafo degani,
Samarqandlik deyildimi, ishlar bajo degani.
Samarqandlik deyildimi, toza vijdon degani,
Samarqandlik deyildimi, komil inson degani.

Salimjon Xidirnazarov,
filologiya fanlari nomzodi, mehnat faxriysi.