Samarqand shahri ko‘chalarida bayram shukuhi sezila boshladi
Yana sanoqli kunlardan so‘ng mustaqilligimizning 28 yilligi nishonlanadi. Shu qutlug‘ ayyom arafasida Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali, “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjuman hamda “O‘zbekiston - buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligi kabi nufuzli tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Shahar ko‘chalarida bayram shukuhi sezilmayotganidan quvonchli kunlarni intizorlik bilan kutayotgan Samarqand ahlining kayfiyati bir oz tushkun edi. Mana bugundan boshlab ko‘hna kent bayramona bezatila boshlandi. Shaharning markaziy ko‘chalariga turfa rangdagi bayroqlar, Mustaqillik bayrami hamda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali shukuhidan darak beruvchi suratlar aks etgan panolar o‘rnatila boshlandi. Ko‘cha-kuyda odamlar orasida, “Ana, bayram shukuhi sezila boshladi”, degan so‘zlar quloqqa chalinmoqda.
To‘lqin Siddiqov.