Samarqand shahrida barcha mehmonxonalar hamda masjidlar raqamli kameralarga to‘liq o‘tkazildi
Internet ijtimoiy tarmoqlarida shahrimiz yo‘llaridagi xavfli hududlarda videokameralar yetishmasligi kuzatilayotganligi, bu esa kimgadir foyda keltirayotganligi, bu borada YHXB rahbariyatining harakatsizligi haqida bildirilgan fikrlar bo‘yicha Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
Joriy yil avgust oyi birinchi o‘n kunligida Samarqand shahri Spitamenshoh ko‘chasidagi “Xazora” avtoboshbekati, “Spitamenshoh-Beruniy” va “Rudakiy-Dahbet” ko‘chalari chorrahalarida hamda “Imom Buxoriy” ko‘chasini “Siyob” dehqon bozori oldidan o‘tgan qismida o‘rnatilgan 3.27 “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi ta’siri doirasida “Yo‘l harakati qoidalari” talabini buzib turgan transport vositalarini avtomatik tarzda qayd etuvchi videokuzatuv kameralarini (test tariqasida) o‘rnatish bo‘yicha “WORLD TECH SYSTEM” MChJ xodimlari ishtirokida ushbu qoidabuzarlikni aniqlovchi videokuzatuv kameralari o‘rnatiladigan joylarning texnik shartlari, o‘rnatiladigan ustunlar, elektr tarmog‘i, ularning xavfsizligi va qo‘riqlovi hamda 3.27 yo‘l belgilarini davlat standarti bo‘yicha o‘rnatilishi to‘liq o‘rganib chiqildi.
Samarqand viloyati hududida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida, yo‘l harakati monitoringi va intellektual videokameralarning integratsiyalashgan tizimlarini joriy etish to‘g‘risida ma’lumot va loyihalari tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi IIVga taqdim etildi.
Bugungi kunda Samarqand shahrida joylashgan barcha mehmonxonalar hamda masjidlar raqamli kameralarga to‘liq o‘tkazildi. Shahar bo‘yicha katta ko‘chalar, chorrahalar va boshqa ob’yektlarga jami 4500 ta raqamli kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu kameralarning 1100 tasi Samarqand viloyati IIBda yaratilgan situatsion markazga integratsiya qilingan.
“Xavfsiz shahar” konsepsiyasining tarkibiy qismi bo‘lgan Samarqand shahrining gavjum, boshqarilishi qiyin bo‘lgan 4(to‘rt) ta chorrahasida “Yo‘l harakati qoidalari”ni buzgan harakat ishtirokchilariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilishi hamda ushbu ko‘chalarda harakat xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash maqsadida kuzatuv hamda qayd etish kameralari o‘rnatilib, test rejimida ishga tushirildi.
Shuningdek 2019 yilning 01 iyulidan boshlab tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish bo‘yicha majburiy tartib joriy etilib, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining 5(besh) foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlandi.
Joriy yil 10 iyulidan 20 avgust kuniga qadar mazkur qaror talablari bo‘yicha 524 ta videoregistratorlar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar YHXB bazasiga kelib tushgan bo‘lib, shundan 262 tasi ko‘rib chiqilib, 40 tasi bo‘yicha 11 mln 352 ming 880 so‘m miqdorida jarima to‘lovlari undirildi.
Shu bilan birgalikda davlat xususiy sherikchiligi asosida Samarqand shahrida haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi videokuzatuv moslamalarini o‘rnatilishi bo‘yicha xohish istagi bo‘lgan tegishli vakolatga ega korxona, tashkilot hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvatlab, hamkorlik qilishga tayyorligimizni bildiramiz.