Samarqand shahrida boj olinmaydigan savdo do‘koni ochildi

Bu do‘kon Samarqand shahridagi "Alexander Hotel" mehmonxonasida tashkil etildi. Bu yurtimizga tashrif buyurgan chet ellik shaxslar uchun ichki hududda faoliyat yuritadigan birinchi boj olinmaydigan savdo do‘koni ekani bilan ahamiyatli.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov, Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi D.Janalinov, viloyat hokimligi vakillari, tadbirkorlar va bojxona xodimlari ishtirok etdi.

Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan qulayliklar yaratish orqali ularning sonini bir necha barobar oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet ellik shaxslar uchun ichki hududda faoliyat yuritadigan boj olinmaydigan savdo do‘konlarining uchinchi turi qonunchiligimizga kiritildi.

Samarqandda aynan shu turda respublikadagi birinchi do‘kon o‘z ishini boshladi. Ushbu do‘kon O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet ellik shaxslarga xizmat qiladi va bu yerda chet el va O‘zbekiston tovarlari milliy valyuta - so‘mda va (yoki) chet el valyutasida chakana tartibda realizatsiya qilinadi.

Mazkur turdagi do‘konlar faoliyat yuritishini tashkillashtirishda Janubiy Koreya tajribasi asos bo‘ldi.

Do‘kondagi chet el tovarlari shaxsni tasdiqlaydigan hujjat va uchib ketish aviachiptasi taqdim etish orqali tanlab olinadi va tanlangan tovarlar shaxsning uchib ketish kunida xalqaro aeroportlarda taqdim etiladi.

Bu kabi do‘konlar sayyohlar uchun qulaylik yaratadi.

Ta’kidlash joizki, 10 yil oldin “Duty Free” faoliyati bilan 2-3 ta tadbirkorlik sub’yektlari shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib tadbirkorlarga berilgan yengilliklar va bu sohada yaratilgan shaffofliklar natijasida ko‘plab ishbilarmonlarimiz shu turdagi do‘konlarni ochish niyatini bildirmoqda.

Marosim davomida “Central Asia Megastar” tadbirkorlik sub’yektiga bojsiz savdo do‘koni faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziya topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 yanvardan respublikamizda xorijiy sayyohlar uchun yana bir yangi qulaylik - tax free tizimi ham joriy qilinadi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.