Samarqand shahrida ko‘chada mast ayollarning dahanaki jangi sababi haqida viloyat IIB axborot xizmati ma’lumot berdi

2019 yil 14 iyun kuni soat taxminan 20.00 lar atrofida Samarqand shahar Bo‘stonsaroy va U.Tursunov ko‘chalari chorrahasida fuqaro S.R. “Ay taksi” korxonasiga tegishli bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotib, chorrahada taksi avtomashinasi orqasidan kelib to‘xtagan, “Labo” rusumli avtomashina haydovchisi R.F. svetoforning yashil chirog‘i yonganidan keyin harakatlanmayotgan taksi avtomashinasiga tovushli signal bilan ishora bergan.

Samarqand shahri Ro‘dakiy va Ibn Sino ko‘chalari chorrahasida svetoforning qizil chirog‘iga kelib to‘xtagan taksi va “Labo” rusumli avtomashinalar haydovchilari oralarida kelib chiqqan og‘zaki tortishuv davomida S.R. taksi avtomashinasidan tushib, “Labo” rusumli avtomashina haydovchisi yonidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirib, haydovchi R.F. bilan o‘zaro janjallashib qolganligi aniqlangan. R.F. S.R.ni avtomashinasidan tushirmoqchi bo‘lganida, S.R.ning tanish dugonasi, S.N. voqea ustiga kelib qolib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan mast holatda janjalga aralashib, “Labo”  haydovchisi R.F.ni qo‘llari bilan urib, uni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, avtomashina old tomonidan davlat raqam belgisini yulib olib, shu raqam belgi bilan avtomashina old oynasini urib sindirib, yo‘lda avtomashinalar harakatini cheklab, jamoat tartibini buzib, tirbandlik hosil bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.

Mazkur hududda xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB YPX inspektorlari yo‘ldagi tirbandlikning sababini aniqlash, to‘plangan fuqarolarni tarqatib,  harakatni tiklashga harakat qilayotgan vaqtda fuqaro S.N. ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularni ham qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, jamoat tartibini buzganligi sababli, YPX xodimlari odamlar ko‘payib ketganligi, S.N. va S.R. larni tinchlantirishga kuchlari yetmaganligi sababli viloyat IIB PPX va JTSB PPXB naryadini chaqirtirishgan.

  S.N. va S.R. lar PPXB xodimlarining birgalikda yaqin oradagi IIBga borib, holatga oydinlik kiritish, tinchlanib, ko‘chada jamoat tartibini buzmaslik haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ichki ishlar xodimlarini haqorat qilib, jamoat tartibini buzishib, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘lganliklari tufayli, ular patrul avtomashinalariga o‘tqazilib, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 9-sonli IIBga olib kelingan.

  Ikki dugona S.N. va S.R. lar alkogol mahsuloti iste’mol qilganlikda gumon qilinib, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda, fuqaro S.R. “yengil”, fuqaro S.N. esa “o‘rta” darajadagi mastlik holatida ekanligi aniqlangan.