Samarqand shahrida o‘tkaziladigan sammit ob’yektlarida ishlar qanday tashkil etilyapti?
2022 yilda Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti o‘tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan ayni paytda shaharda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Sammitga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan shu yilning 23 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan farmoyish qabul qilinib, zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan ham farmoyishlar qabul qilinib, ularning ijrosi ta’minlanmoqda.
Mazkur hujjatlar asosida sammitga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzildi. Shuningdek, infratuzilma ob’yektlarini barpo etish, ta’mirlash va jihozlash ishlari bo‘yicha, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish, sammit tadbirlarini uyushtirish, ishtirokchilarni joylashtirish, transport bilan ta’minlash, tibbiy xizmat, madaniy dasturlarni shakllantirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha sammit yakuniga qadar doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi. Har bir ishchi guruhning vazifalari, amalga oshiradigan tadbirlari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Samarqand shahar Ko‘ksaroy maydoni 1-D binoda joylashgan Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi binosida doimiy ishchi guruhlar shtabi tashkil etildi. Hozirda bu yerda ishchi guruhlarning faoliyati muvofiqlashtirib borilmoqda.
- Samarqand viloyatida ShHT sammiti yo‘nalishida joylashgan ob’yektlarni ta’mirlash va qayta qurish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha 109 kilometr uzunlikdagi yo‘nalishlar va 4249 ta ob’yekt belgilanib olingan, - deydi doimiy ishchi guruhlar shtabi a’zosi P.Sodiqov. - Yo‘nalishlardagi ta’mirlash va qayta qurish ishlari 20 ta lotga bo‘linib, har bir lotga respublika banklari hamda 23 ta loyiha tashkilotlari biriktirilgan. Bundan tashqari, qurilish vazirligi tomonidan shartnoma asosida 20 nafar mutaxassislar ishga jalb qilindi. Vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish uchun har bir lotga bank tashkilotlari, loyiha institutlari, kommunal xo‘jalik idoralari va boshqa sohalar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Mazkur ishchi guruhlar tomonidan qayta xatlov o‘tkazilib, har bir ob’yekt bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar shaharsozlik kengashida tanqidiy ko‘rib chiqilib, ayrim loyiha tashkilotlariga tungi yoritish uskunalarini loyihalarga kiritish, fasadlarni milliy qiyofaga aylantirish to‘g‘risida tavsiyalar berildi. Arxitektura shaharsozlik kengashining joriy yilning 2 va 5 martdagi bayonlari bilan loyihalar tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 20 ta lotda joylashgan ob’yektlarning 301 tasida qurilish ta’mirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa, 640 tasida davom etmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tegishli 360 ta ob’yekt (asosan uy-joylar)da ta’mirlash ishlari uchun olib borish uchun homiylar va davlat tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Har bir ob’yekt bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan.
Avtomobil yo‘llari, elektr, gaz, ichimlik suvi hamda aloqa tarmoqlarini yangidan qurish bo‘yicha ham tasdiqlangan tarmoq jadvallari kunlik nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, ayni paytda Samarqand eshkak eshish kanali hududida barpo etilayotgan turistik markazda, Samarqand shahrini ushbu markaz bilan bog‘laydigan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida, shahardagi Ibn Sino, Rudakiy, Bo‘stonsaroy ko‘chalari va boshqa ob’yektlarda rekonstruksiya, ta’mirlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat).