Samarqand shahrida tunnel qurilishi boshlandi (foto)
Kecha - 7 sentyabr kuni Samarqand shahrining Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida tunnel qurilishiga start berildi. Mazkur tunnel «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshiriladi.
Qurilishga tamal toshi qo‘yish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov, viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurov ishtirok etdi.
Tunnel Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kelgan avtomobil chorrahada doiraviy harakat bilan Ro‘dakiy ko‘chasiga tushib oladi. Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan tramvay yo‘li ham tunnel ostidan o‘tadi. Mazkur transport yechimi qurilishi davrida 2-yo‘nalishdagi «Temiryo‘l vokzali — Siyob bozori» tramvayining qatnovi ham vaqtincha to‘xtatilib turadi.
Loyihalarga ko‘ra, tunnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 534 metr bo‘ladi. Tunnel qismining uzunligi 93 metrga yetadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kengligi 6 metr, balandligi 3 metr bo‘lgan piyodalar yer osti o‘tish yo‘lkasi ham qilinadi.
Qurilishda 14750 kub metr yig‘ma va monolit temirbeton ishlatiladi. Bunda, 7375 tonna sement, 3130 tonna armatura, 78,5 tonna metall prokat ishlatiladi. Qurilish-montaj ishlarining qiymati 67 milliard 730 million so‘mni tashkil etadi.
Samarqand viloyati
Qurilish Bosh boshqarmasi.