Samarqand shahridagi 10 dan ziyod xonadonda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilayotgan holat aniqlandi
Keyingi paytlarda havo haroratining keskin pasayib ketishi aholining tabiiy gazga bo‘lgan talabini oshiryapti. Biroq gaz bosimining pastligi sababli xonadonlarni to‘liq tabiiy gaz bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelmoqda.
Qolaversa, bu asosiy sabab ham emas. Ya’ni, bunday vaziyatda ayrim iste’molchilarning o‘zboshimchalik bilan noqonuniy gaz tortish nasoslari o‘rnatishi gaz bosimini bir me’yorda ushlashning buzilishiga, belgilangan hududlarga gaz yetib bormasligiga olib kelyapti.
Albatta, Samarqand shahar hokimligi mazkur holatlarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib boryapti. Xususan, hokimlik tomonidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududgaz Samarqand” MChJ va boshqa tegishli tashkilotlardan iborat ishchi guruh tashkil etilib, muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 15-16 yanvar kunlari tashkil etilgan reyd tadbirlarida o‘ndan ortiq noqonuniy gaz tortish nasoslari o‘rnatilgani kuzatildi. Aniqlangan gaz tortish qurilmalari ishchi guruh tomonidan olib tashlandi va gazdan noqonuniy foydalangan fuqarolarga belgilangan tartibda chora ko‘rish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berildi.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.