Samarqand shahridagi barcha avtobuslar 200 va 500 so‘mlik qiymatdagi tangalar bilan ta’minlandi

200, 500 so‘mlik banknotalarning muomaladan chiqarilishi natijasida transport koxonalari haydovchilari yo‘lovchilarga qaytim bermaslik niyatida “mayda pul yo‘q”, deya javob berish hollari uchrab turibdi. Bu esa o‘z navbatida aholining noroziligiga sabab bo‘layotir.

Joriy yilning 3 iyul sanasida Zarnews.uz telegram kanalida Samarqand shahrining ichki yo‘llarida qatnovchi 64-raqamli yo‘nalishdagi avtobus haydovchisining xatti-harakatlari tanqid ostiga olingan. Bundan tashqari Pastdarg‘omliklar telegram kanalida ham qaytim borasida salbiy fikrlar o‘rtaga tashlandi. Ushbu tanqidlar yuzasidan facebook tarmog‘idagi foydalanuvchilar ham o‘z fikrlarini bayon etishdi. Afsuski, aytilgan fikrlarning barchasi haqiqat.

Bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan viloyat transport boshqarmasi xodimlari joylarda o‘rganish ishlari olib borishmoqda. Yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha har bir avtokorxona rahbari bilan suhbat o‘tkazildi. Muhokamaga sabab bo‘layotgan holatlar o‘rganilib, muammolarni bartaraf etish choralari belgilandi. Muammoning yechimi sifatida banklarga murojaat qilinib, 2018 yil namunasidagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik qiymatdagi tangalar bilan barcha avtobuslar ta’minlandi.

“Suxrobtransservis XATU” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 64-yo‘nalishda yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha korxona xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Barcha haydovchilarga o‘z vaqtida qaytim berish, yo‘lovchilarga nisbatan xushmuomalada bo‘lish vazifasi yuklandi.

Hurmatli yo‘lovchilar! Agar avtobuslarda qaytim berilmaslik holatlariga yoki boshqa bir muammoga duch kelsangiz, Samarqand viloyati transport boshqarmasining (66) 233 31 38 yoki (93) 834 01 10 raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling. Shu bilan birgalikda (93) 834 01 10 raqamidagi telegram botiga xabar yo‘llashingiz mumkin.

Bundan tashqari, jamoat trasportidan naqd pulsiz to‘lov usulidan foydalanishni tavsiya qilamiz. Bu borada “Tezcard” elektron to‘lov tizimi joriy qilingan. Bu ham naqdingizni, ham vaqtingizni tejaydi.

Jamoat transportida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash uchun Sizning har bir fikringiz biz uchun muhim.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.