Samarqand shahridagi ikki katta ko‘chada yo‘lning bir qismi jamoat transporti uchun ajratiladi

Bu haqda kecha davlat rahbari tanishgan Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti chog‘ida aytildi.

Mutasaddilarga Toshkent shahar jamoat transportini yagona tizim asosida tartibga solish, moliyalashtirish va tabaqalashgan tariflarni belgilash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Tirbandlik kuzatilayotgan ko‘p qatorli yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda parkomatlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo‘lakchalarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.  

Taqdimotda Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yo‘l-transport tizimini qayta ko‘rib chiqib, markaziy ko‘chalarni namunaviy tarzda o‘zgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.