Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar kuz-qish mavsumiga tayyormi? Shirkatlar faoliyati talab darajasidami?

Ilgari xabar berganimizdek, 2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilish Respublika ishchi guruhi viloyatimiz shahar va tumanlarida bo‘lib, sakkiz yo‘nalishdagi muammolarni aniqlashdi. Jumladan, ko‘p qavatli uy-joylar bo‘yicha ham xato-kamchiliklar kam emas.

Joriy yilning 21 avgust kuni viloyat uy-joy kommunal boshqarmasida 24 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlari, tijorat banklari vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarning joriy va mukammal ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan 4,4  so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish masalasi muhokama kilindi. Ikki kunda esa shirkatlarga 567 million so‘m kredit ajratildi.

O‘tgan davr mobaynida tijorat banklari tomonidan shirkatlarga 104,1 milliard  so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilgan bo‘lib, joriy yil 18 avgust holatiga mazkur kredit mablag‘lari doirasida 93,6 milliard so‘m miqdoridagi kredit qarzdorligi yuzaga kelgan.

Muammoli kreditning eng yuqori ulushi Samarqand shahri (1,46 milliard so‘m), Kattaqo‘rg‘on shahri (2,1 milliard so‘m), Narpay (348 million so‘m), Oqdaryo (320 million so‘m), Bulung‘ur (302 million so‘m) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan yilning qish davrida kuzatilgan muammolar va o‘tkazilgan xatlov natijasida jami 266 ta ko‘p qavatli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Jumladan, 12 ta uyning 10 ming kvadrat metr tom qismi mukammal ta’mirdan chiqarilib, 12 ta uyning yerto‘lalari tartibga keltirildi, 13 ta uyning isitish tizimi ta’mirdan chiqarildi, 20 ta uyning fasad qismi ta’mirlangan.

Samarqand shahrida jami 1046 ta ko‘p qavatli uy-joylarga 113 ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari xizmat ko‘rsatadi. Ishchi guruh ayrim XUJMShlar faoliyati achinarli ahvolda ekanligini qayd etishdi. Jumladan, “Qorasuv” massivi “Obod maskan” mahallasidagi yangi qurilgan 69 ta ko‘p xonadonli uylarga “Yangi uylar servis” shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Aksariyat uylarning atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Jumladan, 4, 5, 22-uylardagi liftlar ishlamaydi. 1-uyning 2-kirish yo‘lagida ochiq qolgan elektr simlari hayot uchun xavfli. Yerto‘la eshigi ta’mirga muhtoj.

“Paxtaobod Sadaf” shirkati 22 ta uyga xizmat qiladi. 10-uyning fasad qismi ta’mirtalab, qurilish chiqindilari ko‘chaga chiqarib tashlangan. 18-uyning tashqi yoritish tizimidagi elektr simlari tartibsiz holda, o‘rindiqlar ta’mirtalab. 31 A uyning fasad qismi ham ta’mirtalab, atrof chiqindi bilan to‘la, obodonlashtirilmagan. 33-uyning orqa tomoni chiqindixonaga aylangan. 52- va 56-uylarning atrofi obodonlashtirilmagan, tashqi yoritish tizimi ishdan chiqqan. Elektr simlari tartibsiz tortilgan, bu uylarda ham ichki yoritish tizimi ishlamaydi. Uyning tom qismi ta’mirtalab, uy yerto‘lasi qurilish va maishiy chiqindilar bilan to‘lib qolgan.

“Ibn Sino” shirkati 6 ta ko‘p qavatli uyga xizmat qiladi. Barcha uylarning tom qismi ta’mirtalab, hudud obodonlashtirilmagan, elektr simlari xavfsizlik talablariga javob bermaydi.

“Farhod Shirin” shirkatiga qarashli 10 ta uyning hududi obodonlashtirilmaganligi sabab chiqindixonaga aylangan, tomlari ta’mirtalab. Elektr simlari xavfsizlik talablariga javob bermaydi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 18 ta xususiy uy-joy shirkatlari 237 ta ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatadi.

“Miyonkol sifat ta’mir” shirkati 3 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi.  Turkiston ko‘chasida joylashgan 33, U.Barnoyev ko‘chasidagi 58 va 60-uylarning yerto‘lasidagi oqova va ichimlik suvi quvurlari ta’mirtalab, havo almashish uchun tuynuklar yo‘q. “Ilg‘or Do‘stlik” shirkati Shavqiy ko‘chasida joylashgan 13 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda ham birorta ko‘p qavatli uylarda havo almashish tuynuklari chiqarilmagan. 25 va 33-uylarning kirish yo‘laklariga framugalar o‘rnatilmagan. 30 va 32-uylarning fasad qismi, kirish yo‘laklari ta’mirtalab.

Shuningdek, 28 ta ko‘p qavatli uyga javobgar bo‘lgan “Bobur Tarag‘ay” uy-joy shirkati faoliyatiga ham qoniqarsiz baho berildi. Jumladan, Bobur ko‘chasidagi 15-uyning fasad qismi ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan. 1, 2, 3, 5, 6, 7, 8-uylarga kirish yo‘laklarida framugalar, elektr shitlari o‘rnatish hamda elektr tarmoqlarini ta’mirlash ishlari bajarilmagan.

Ingichka qo‘rg‘onidagi “Ingichka qo‘rg‘on invest” xususiy uy-joy shirkatiga qarashli Navoiy ko‘chasidagi 1 va 9-uylarning kirish yo‘laklarida temir eshiklar, yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan. Havo almashish tuynuklari yo‘q. 1-uy oldidagi piyodalar yo‘lagining ta’mirlash ishlari tugatilmagan.

“Ilg‘or Do‘stlik” shirkatiga qarashli 21 va 22-uylarning bosh taqsimlash shiti ta’mirlanmagan. Avtomatik o‘chirgichlarga ulangan kabellar kontaktlari noto‘g‘ri mahkamlangan. Shitlar qulflanmagan, avtomatik o‘chirgichlar ishdan chiqqanligi sabab to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab qo‘yilgan.

Xuddi shunday kamchiliklar, “Dilorom Pardayeva”, “Shoira O‘ktamovna” hamda “Istiqlol qo‘rg‘oni” shirkatiga qarashli uylarda ham aniqlandi.

Jomboy tumanida jami 35 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularga 3 ta shirkat xizmat ko‘rsatadi. Jumladan, “Toshkent” mahallasida joylashgan 7 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadigan “Ishonch” shirkatidagi 1, 4, 5, 6-uylarida elektr energiyasi tarmoqlari inson hayoti uchun xavfli holatga kelib qolgan. Bosh elektr taqsimlash shiti nosoz, maxsus saqlagichlar o‘rnida oddiy simlardan foydalanilgan.

Ishchi guruh viloyatdagi boshqa tuman va qishloqlarda ham o‘z ishini davom ettirmoqda.

Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.