Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining 8-9 qavatlari buziladi

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi Firdavsiy ko‘chasi 84-manzilda joylashgan bino shaharning tarixiy muhofaza zonasida joylashganligi sabab 7-qavatdan yuqori qismi buyurtmachi tomonidan buzilishini bildirgan.

Unda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi Firdavsiy ko‘chasi 84-manzilda qurilgan yangi ko‘p qavatli uyda qurilish-ta’mirlash ishlarida kamchiliklar borligi, aholi binoga yaqinda ko‘chib o‘tganiga qaramay, buzila boshlaganligi, aksariyat fuqarolar xonadonlarini o‘zlari qaytadan ta’mirdan chiqarganliklari to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

Samarqand shahar Firdavsiy ko‘chasi 84-manzilda joylashgan 534 xonadonga mo‘ljallangan mazkur ko‘p qavatli bino “Pastdarg‘om qurilish mollari” MChJ tomonidan qurilgan. Pishiq g‘ishtdan qurilgan 9 qavatli uy-joyning 392 tasi sotilgan, 104 xonadon egalari o‘z uyiga ko‘chib kirgan.

Ob’yekt respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilib, Samarqand shahri tarixiy markazining muhofaza hududida joylashganligi sababli turar-joy binosining 8-9 qavatlari buzilishi belgilangan.

Qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmaganligi va respublika ishchi guruhi tomonidan qo‘yilgan talab bajarilmaganligi sababli mazkur ob’yekt inspeksiya tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan.

Samarqand shahar hokimligi tomonidan 2019 yil 13 martda shahar iqtisodiy sudiga binoning 8-9-qavatlarini buzish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritilgan. Sudning 2019 yil 8 maydagi ajrimi bilan ish yuritish tugatilgan.

Madaniyat vazirligi hamda “ToshkentboshplanLITI” DUK bilan birgalikda bino balandligi hamda shaharsozlik normasi bo‘yicha xulosa berilgan. Binoni buzish bo‘yicha buyurtmachi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda mulk egasi tomonidan buzilish belgilangan.

Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.

——

P/S: Savol tug‘iladi, bu uyning buzilishi belgilangan 8-9 qavatlaridagi xonadon egalarining buzilgan huquqlarini kim, qanday tiklaydi? Ular to‘lab qo‘ygan millionlab pullariga kuyib qolaveradimi?

Bu uydagi tabiiy gaz bosimining pastligi, elektr energiyasi va suv tizimlaridagi uzilishlar haqida tegishli idoralar, jumladan, Samarqand shahar hokimligi nega jim?