Samarqand tadbirkorlari – Zarkentda
Viloyat hokimligi huzuridagi tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining navbatdagi sayyor yig‘ilishi viloyatning eng olis hududlaridan biri hisoblangan Zarkent shaharchasida o‘tkazildi.
Qo‘shrabot tumanidagi mazkur shaharcha konchilar maskani hisoblanadi. Bu yerda "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" Janubiy kon boshqarmasiga qarashli "Zarmitan" va "G‘ujumsoy" konlari hamda ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Ularda nafaqat qo‘shrabotlik, balki yurtimizning turli hududlaridan kelgan ishchi-xizmatchilar, konchilar mehnat qiladi. Shaharchada ana shu ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari uchun munosib turmush sharoiti, zamonaviy infratuzilma yaratilgan.
Tadbirkorlar konchilar ish faoliyati, korxonalardagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Shundan so‘ng shaharchadagi "Konchi" madaniyat uyida tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bosh muhandisi Nikolay Snitka mazkur hududdagi konlar va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shaharchada ishchilar va ularning oila a’zolari, hududning doimiy aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqib faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Mahalliy va viloyatning turli hududlaridan borgan tadbirkorlar bu borada o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar.
Tadbirkorlar kengashida, shuningdek, Qo‘shrabot tumani hokimi H.Oqbo‘tayev va tuman hokimining o‘rinbosari Sh.Razzoqov so‘zga chiqib, hududning investitsiyaviy imkoniyatlari, kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
– Tumanimizda 2016 yilda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari 1867 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugun 6800 tadan oshdi, – dedi Sh.Razzoqov. – Lekin hali foydalanilmagan imkoniyatlar, ishga solinmagan resurslar juda ko‘p. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi tokzorlar tashkil etish, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin. Nima uchun bunday tashabbusni bildiryapmiz? Sababi - tumanimizda 2018 yilda 3100 gektar uzum maydonlari mavjud edi, hozir esa tokzorlarimiz 7 ming gektardan oshdi. 2022 yilda esa bu raqam 10 mingdan oshadi.
Bundan tashqari, barcha toifadagi xo‘jaliklarda 106 ming bosh yirik shoxli qoramol, 408 ming bosh mayda shoxli, ya’ni qo‘y, echki bor. Ammo hozircha tumanimizda teri va junni qayta ishlash korxonasi mavjud emas. Tadbirkorlarimiz uchun bu ham istiqbolli yo‘nalish, deb hisoblaymiz.
Tog‘-kon sanoati yo‘nalishida marmar, granit va kvars toshlarini qazib olish va pardozlash yoki davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida oltin qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanish, zargarlikni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Xizmatlar yo‘nalishida ham tumanda katta imkoniyatlar mavjud. Birgina Zarkent shaharchasida mehmonxonaga ehtiyoj seziladi. Hozir mavjud ikkita kichik mehmonxona bu ehtiyojni to‘la qondira olmaydi. Bundan tashqari, Pangat va Qizilbel hududlarida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yozgi dam olish maskanlari tashkil etish mumkin.
Agar shu va boshqa yo‘nalishlarda ish boshlash uchun tumanimizga keladigan investorga Davlat xizmatlari markaziga, soliq idorasiga bor demasdan, 1,5-2 soat ichida ro‘yxatdan o‘tkazib faoliyat boshlashi uchun imkoniyat yaratib beramiz.
Kengash a’zolari ushbu takliflardan kelib chiqib o‘z fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, tumandagi “Oqchobsoy” suv omboridan foydalanish masalasi ham muhokama etilib, viloyatning salohiyatli investorlariga mazkur ob’yektni ishga tushirib, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.