Samarqand tadbirkorlarini qaysi masalalar qiynaydi?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida tadbirkorlik faoliyatidagi muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida tadbirkorlar qabuli o‘tkazildi.

Dastlab viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va byudjetga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha birinchi yarim yillikda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda tadbirkorlarga murojaatnoma yo‘lladi.

Qabulda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, shuningdek Markaziy bank, vazirlik va qo‘mitalarning mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.

Qabulga kelgan 232 nafar tadbirkor 200 dan ortiq masalada murojaat qildi. “Yergeodezkadastr”, soliq, suv, tijorat banklari va kredit masalalari mas’ullar tomonidan alohida o‘rganildi.

Qo‘shrabot tumanidagi “Ozodjon fayzi nur” xususiy korxonasi ko‘p yillardan buyon quruvchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Korxona tenderda g‘olib bo‘lib tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Buloqboshi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi qurilishi uchun qariyb 1 milliard so‘mlik shartnoma asosida ish boshlagan. Lekin bajarilgan 360 million so‘mlik ishning qariyb 50 foiz mablag‘ini ololmasdan sarson. Mazkur uchrashuvga kelgan korxona rahbari va ta’sischisi Baxtiyor Bo‘taboyev shu masalada yordam so‘rab murojaat qildi. Tadbirkorning masalasi viloyat hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.

Uchrashuvga kelgan tadbirkorlarning murojaatlarining aksariyati maktabgacha ta’lim muassasasi ochishdagi kredit masalasi bo‘ldi.

- 2018 yil 120 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun bankka kredit so‘rab murojaat qildim, - deydi “Ilk qadam” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Manzura Narziyeva. – O‘sha paytda bankda kam foizli resurs tugab qolganligi uchun 22 foizdan tijoriy kredit olishga majbur bo‘lgandik. Lekin ayni bog‘chani ochish arafasida pandemiya boshlanib qoldi. Bu esa bog‘chani ochilishini ortga qoldirish bilan birga kredit foizlarini oshib borishiga olib keldi. Pandemiya bo‘lishiga qaramasdan bank 240 million so‘m foiz hisoblagan, qolaversa har oyda 67 million so‘m kredit to‘laymiz, har ikkalasini birdek to‘lashga imkoniyatimiz yo‘q. Shu masalaga yechim topishda yordam so‘rab kelgandim, Markaziy bank va boshqa idora mutaxassislari tomonidan masalam o‘rganib chiqildi. Ularning yordami bilan kreditim uchun menga tadbirkorlar fondidan 5 foiz to‘lab beriladigan bo‘ldi. Yana to‘planib qolgan foizlarni umumiy muddatga bo‘lish va jami kredit muddatini uzaytirishga yordam qilishdi. Bu ham bizga katta yordam beradi.   

Uchrashuvda o‘zini qiynayotgan muammosini aytolmagan tadbirkorlar o‘z hududi bo‘yicha ro‘yxatga yozilib, masalasi kiritdi. Bu masalalar Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan nazoratga olinib, amaliy yordam berishga qaratiladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov.