Samarqand tarixiy obidalariga yo‘l to‘siqsizmi?

Samarqand shahrida shu yilning 25 avgustida boshlangan turistik ob’yektlar, tarixiy obidalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan «Samarqand tarixiy obidalariga yo‘l» aksiyasi davomida nima ishlar qilindi va qanday kamchiliklar aniqlandi?

Bu haqda mazkur aksiya yakuni sifatida o‘tkazilgan davra suhbatida fikrlar bildirildi. «Yuksalish» umummilliy harakati raisi o‘rinbosari Sherzod Safarov, viloyat hokimi o‘rinbosari X.Ochilov so‘zga chiqib, Samarqanddan boshlangan ushbu aksiya barcha tarixiy shaharlarda ham davom etishini ta’kidladi.

- Butun dunyoda 7 milliard aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning bir milliardini jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar tashkil qiladi, - deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti rahbari D.Narziqulov. – O‘tgan yili mamlakatimizga 6 million sayyoh tashrif buyurgan, ularning 10 foizi nogironligi bo‘lgan insonlardir. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan to‘siqsiz turizm, inklyuziv turizm kabi qator loyihalar amalga oshirildi. O‘tgan yili «Sayohat barcha uchun!» loyihasini amalga oshirib, ming nafarga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun sayohatlar tashkil etilgandi. Bu kabi ishlarning muntazamligi «Yuksalish» umumilliy harakatining mazkur aksiyasi bilan davomli bo‘lmoqda.

Anjuman davomida «Yuksalish» umumilliy harakati vakillari so‘zga chiqib, mazkur aksiya davomida yuzaga kelgan xulosa, takliflar bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Registon majmuasida ko‘zi ojiz insonlar uchun ansambl maketi, kar-soqov insonlar uchun surdotarjimon xizmatlari va majmua ro‘parasidagi yo‘ldan o‘tish joyidagi svetoorga qo‘l tugmasi o‘rnatish, Amir Temur maqbarasiga kirish eshigi panduslar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan gigiyena xonasi qurish bo‘yicha takliflar berilgan.

Aksiya davomida Samarqandda istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sayohatlar uyushtirilib, ularning fikrlari inobatga olindi.

Gulruh MO‘MINOVA.