Samarqand teatrida «Qirol Lir» asari sahnalashtirildi

Viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri bosh rejissyori Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan Vilyam Shekspirning “Qirol Lir” asari spektakli teatrshunos mutaxassislar va jamoatchilik vakillari muhokamasiga qo‘yildi.

Liboslar bo‘yicha rassom Mariya Soshinaning o‘sha davr ruhiyatini aks ettiruvchi eskizlari asosida tayyorlangan sahna liboslari, asardagi obrazlarni ijro etgan aktyorlar mahorati tomoshabinning qirol Lir fojeasini qalban his qilishga undaydi.

Asarda jamiyatdagi muammolar, ota va bolalar o‘rtasidagi taxt uchun kurash, davr ijtimoiy-siyosiy voqealari jahon adabiyotining buyuk namoyandasi Shekspir tomonidan ochib berilgan. Ko‘pni ko‘rgan va o‘z kuch-qudratiga ishongan, tajribali qirol Lir keksaygan chog‘ida mamlakat sarhadlarini uch qiziga taqsimlab berib, o‘zi “davlat tashvishlaridan xoli” yashashni niyat qiladi. Izzattalab hukmdor avvaliga qizlarining o‘ziga bo‘lgan sadoqatini bilish niyatida ulardan qaysi biri keksa otani ko‘proq yaxshi ko‘rishini so‘raydi. Ikki qizi Gonerilya va Regana qirol otasini haddan ortiq sevishini bayon qiladi. Kenjatoy qiz Kordeliya esa otasiga opalaridan ortiq biron gap aytolmasligini, uni faqat bir farzand tarzida hurmat qilishini aytadi. Maqtovlarga moyil keksa qirol davlatini ikki katta qiziga bo‘lib beradi. Achchiq ustida kenja qizi Kordeliyani merosdan mahrum qiladi. Vaqt o‘tishi bilan mol-mulk shaydolari bo‘lgan opa-singil Gonerilya va Regana keksa otani unutadi. Hatto uni o‘zlariga xalaqit bermasin, deya ko‘chaga haydaydi.

Otasining fojiali qismatidan voqif bo‘lgan kenja qiz Kordeliya uni halokatdan qutqarishga nechog‘lik urinmasin, opalari qarshisida ojiz qoladi...

Spektaklning jamoatchilik muhokamasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘qituvchilari - san’atshunoslik fanlari doktori, professor, Muhabbat To‘laxo‘jayeva, san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent, Omonulla Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Teatr arboblari uyushmasi ijodiy bo‘limi boshlig‘i Usmonjon Eratov, Samarqanddagi davlat teatrlari rahbarlari, tajribali ijodkorlar ishtirok etdi.

***

Shuningdek, amerikalik dramaturg va ssenarist Nil Saymon qalamiga mansub, teatrning bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov tomonidan sahnalashtirilgan “97-xona” spektakli ham jamoatchilik ko‘rigiga taqdim qilindi.

Mazkur sahna asari Nil Saymonning “Kaliforniya syuitasi” trilogiyasining uchinchi qismi asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, voqealar Samarqandda kechadi.

Shoxruh ShAXANOV.